Tarixiy obidalarni sayyohlarga sotgan shotlandiyalik firibgar

Shotlandiyalik firibgar Artur Fergyuson qimmatbaho kartinalar yoki olmoslar emas, dunyoga mashhur me’moriy yodgorliklarni sotish bilan shug‘ullangan. Uning aktyorlik qobiliyati bor edi va bundan foydalanishni yaxshi bilardi. Artur London ko‘chalarida badavlat amerikalik sayyohlarni poylab turar, o‘zini yuqori martabali davlat amaldori sifatida tanishtirib, fitnachilarga xos egilgancha, ularga foydali bitimlar taklif qilardi.

Yoshligida Artur Fergyuson aktyor bo‘lishni orzu qilgan. Lekin London teatrlarining hech biri uni qabul qilmagan. Shunda u o‘zining aktyorlik mahoratini jinoiy dunyoda qo‘llashga qaror qildi. Londondagi Trafalgar maydonida sayr qilar ekan, u yaxshi kiyingan amerikalik juftlikka e’tibor berdi. Sayyohlar Nelson ustunini zavq bilan tomosha qilayotgan paytda u o‘zini hukumat agenti sifatida tanishtirib, ular bilan suhbatga kirishardi.

Bir kuni u noyob tarixiy ashyoni qismlarga ajratib, AQShga yetkazib berish xizmati amerikaliklar uchun 6 000 funt sterlingga tushishi mumkinligini ta’kidlab, xarid qilishni taklif qildi. Firibgarning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan Britaniya davlati o‘z qarzlarini to‘lash uchun yashirincha mamlakatdagi osori-atiqalarni sotishga majbur bo‘lgan ekan. Fergyuson hatto madaniy meros ob’yektlarini sotib olish yoki ijaraga olish mumkin ekanligini ham qo‘shib qo‘ydi. Biroq Nelson kabi ustunga qo‘yilgan bunday narxdan alahsirab, xaridor darhol taklifga rozi bo‘lib, unga chek yozib berdi.

Muvaffaqiyatli bitimdan ilhomlangan Fergyuson Bukingem saroyini ikki marta, Vestminster abbatligidagi bir nechta oilaviy yer mulklarini, Tauer minorasi va Vestminster saroyidagi balandligi 96 metrlik “Big-Ben soati”ni ham sotishga muvaffaq bo‘ldi. U juda ehtiyotkor bo‘lar, xaridorga birvarakayiga belgilangan mablag‘ning hammasini emas, balki yodgorlik yetkazib berilgandan keyin qolgan qismini to‘lash imkoniyati borligini aytib, bo‘nak sifatida to‘lovning bir qisminigina olgan. Politsiya uni qidirayotganini bilgach, Fergyuson darhol AQShga yo‘l oldi.

AQShda ham u vaqtini bekor o‘tkazmadi. Darhol Amerika yodgorliklarini pullay boshladi. Masalan, Oq uyni 99 yilga 100 000 dollarga “ijaraga berdi”. Ammo avstraliyalik millionerga Ozodlik haykalini sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.

AQSh qonunlariga ko‘ra, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi kerak edi. Lekin bir “qilig‘i” uni bunday jazodan saqlab qoldi. Kunlarning birida u bor pulini fermasi yonib ketgan texaslik beva ayolga berdi. U ayolga o‘zini Gonkong shahzodasi deb tanishtirgan ekan. Ushbu ishi tufayli u atigi besh yilga qamaldi. 

Sud jarayonida Fergyuson inson ahmoqligining chegaralarini o‘rganganini tan oldi. Ozodlikka chiqqanidan keyin u boshqa hech narsa sotmadi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.