Ilmiy jihatdan imkonsiz, lekin haqiqatda mavjud joylar
Ha, ilmiy jihatdan imkoni yo‘q bo‘lgan tabiat hodisalari xayol yoki ilmiy fantastika mahsuli emas, balki inson tushunchasi chegaralarini kengaytiradigan haqiqiy joylardir. Olimlar ularning qanday ishlashini tushunishga harakat qiladi, biz esa faqat ular haqida bilib olib, bu joylarning o‘ziga xosligidan hayratga tushishimiz mumkin.
Qaynar daryo

Peru Amazonka tropik o‘rmonining qoq markazida boshqa hech nimaga o‘xshamaydigan daryo bor. Uning nomi qaynoq nuqta - Farengyeyt bo‘yicha 200, Selsiy bo‘yicha 93 darajaga yetadigan haroratidan kelib chiqib, qaynar daryo deb ataladi. Mahalliy aholi uni "Chenet Teska" deb ataydi.
- Bu daryo shunchalik kuchli bug‘ chiqaradiki, yuqoriga qaragan kishi tom ma’noda bug‘ qayerda tugab, bulutlar qayerdan boshlanishini bilmay qoladi, - deydi tadqiqotchi Vaskes Espinosa.
Qaynoq daryo nafaqat g‘aroyib maskan, balki katta ilmiy sirdir. Olimlar oqayotgan suvning qanday qizib ketishi mumkinligi va harorat hududdagi o‘simliklar va hayvonlarga qanday ta’sir qilishini o‘rganishmoqda. Bu esa yechilishini kutayotgan o‘rmon o‘rtasidagi buyuk sirga o‘xshaydi.
O‘zi yurar toshlar
Sirli harakatlanuvchi yirik toshlari changli cho‘lda uzoq izlar qoldiradigan “Pleyya Reystrek” quruq ko‘li Kaliforniyadagi O‘lim vodiysi milliy bog‘ida joylashgan.
Biroq so‘nggi ilmiy tadqiqotlar ba’zi tushuntirish va izohlar qilish imkonini berdi. Ajablanarlisi, bu g‘alati hodisa faqat ma’lum qish sharoitida, Pleyya kristallanib, yupqa muz qatlami bilan qoplanganda va ertalab quyosh chiqib, bunday muz erib, silliq sirt hosil bo‘lganda sodir bo‘lar ekan.
Keyin, shamol esadi va o‘nlab metr uzunlikdagi bu suzuvchi muz panellari toshlarni daqiqasiga 2-5 metr tezlikda suradi. Harakatlanish jarayoni tushunib olinganligiga qaramay, bu jinslarning nima uchun harakat qilish sirlari hali ham ochilmagan.
Buyuk Moviy tuynuk

Markaziy Amerikaning sharqiy sohilidagi Beliz davlatiga tegishli aylana shakl katta Buyuk Moviy tuynukning maydoni 318, chuqurligi 124 metrga teng. Bu tuynuk millionlab yillar oldingi so‘nggi muz davrida dengiz sathi pastroq bo‘lgan davrda hosil bo‘lib, o‘ziga xos suv osti g‘origa aylangan.
Dunyodagi eng ajoyib sho‘ng‘ish joylaridan biri 1970 yillarda «Sayyoradagi dayvingchilar jannati» deb atagan Jak-Iv Kusto tomonidan mashhur qilingan.
Buyuk Moviy tuynuk, shuningdek, YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shu sababli, ushbu joyga borish odamlarga tarixni o‘rganishi va Yerning noyob xususiyatlarini saqlab qolishga hissa qo‘shishiga yordam beradi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.