Xarita: Dunyo bo‘yicha mamlakatlardagi o‘rtacha yillik havo harorati qanday?
Visual Capitalist yaratgan ushbu infografikada sayyoramizdagi mamlakatlar va hududlardagi o‘rtacha yillik havo harorati ko‘rsatilgan.
Jahon banki guruhi tomonidan taqdim etilgan va Climatic Research Unit guruhi iqlim ma’lumotlariga asoslanib vizuallashtirilgan ma’lumotlar 1991 yildan 2020 yilgacha har bir mamlakatdagi kunlik minimal va maksimal o‘rtacha havo harorati qiymatidan kelib chiqib hisoblangan.
Burkina-Faso Selsiy bo‘yicha 30,4 daraja issiq o‘rtacha yillik harorati bilan jahon reytingida birinchi o‘rinda turadi. Mali, Senegal, Mavritaniya, Jibuti va Gambiya ham eng issiq davlatlar sirasiga kiradi. Umuman olganda, dunyodagi eng issiq o‘nta mamlakatlarning oltitasi Afrikada joylashgan.
Yuqori harorat asosan geografik joylashuv bilan bog‘liq. Qit’aning katta qismi ekvator yaqinida yoki qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil iqlim zonalarida joylashgan va bu yerdagi kuchli quyosh radiatsiyasi va yog‘ingarchilik darajasining pastligi yil davomida ana shunday haroratni saqlab turadi.
Aruba, Tokelau, Tuvalu va Kyurasao kabi bir qator tropik orol davlatlari va Yaqin Sharqdagi mamlakatlarda doimiy 28–29 daraja issiq o‘rtacha yillik harorat qayd etiladi. Qatar, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari ham shunga o‘xshash ko‘rsatkichlarga ega.
Bu hududlardagi harorat kichik mavsumiy tebranishlari bilan ajralib turadi. Issiq okean suvlari va cho‘l iqlimi esa haroratning saqlanib turilishiga xizmat qiladi.
Harorat spektrining qarama-qarshi tomonida sovuq iqlimi bilan ajralib turadigan yuqori kengliklar yoki qutblarga yaqinroq joylashgan hududlarga ega mamlakatlar joylashgan. Eng past -18,7 daraja sovuq o‘rtacha yillik harorat Grenlandiyada qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Norvegiyaning Arktika hududlari - Shpitsbergen va Yan Mayen, Kanada va Rossiya turadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.