Matonat va iroda timsoli

Qat’iyat va ishonch bilan yashashni o‘z hayotiy shioriga aylantirgan para shaxmatchi Munisa Toshmamatovaning hayot yo‘li har bir yosh uchun ibratdir.  Uning shijoati, sabri, intilish va maqsadlaridan o‘rnak olsa, arziydi.

Munisa Toshmamatova 2003 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan. Ilk ta’limni tumandagi 49-umumta’lim maktabida olgan. Keyinchalik Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan 59-maktab-internatida o‘qigan. U “Besh tashabbus para olimpiadasi” musobaqalarida shaxmat bo‘yicha uch karra respublika chempionligini qo‘lga kiritib, murabbiylik maqomiga erishgan. Hozirda Toshkent davlat texnika universitetining birinchi bosqich talabasi.

– Allohning irodasi ekan, ko‘zimdagi nuqson sabab hayotimda ayrim qiyinchiliklar bo‘lgan, lekin tushkunlikka tushmaganman, – deydi Munisa Toshmamatova. – Chunki o‘zimni imkoniyati cheklangan deb hisoblamayman. Aksincha, yanada kuchli bo‘lishga, o‘z ustimda ishlashga harakat qilaman. Ota-onam va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yo‘qotmayman. Faoliyatimga kelsak, shaxmat sirlarini onamdan o‘rganganman. Onam shaxmatni mahorat bilan o‘ynaydi va uning o‘yinini kuzatib, menda ham bu sport turiga qiziqish uyg‘ongan. Dastlab bu men uchun oddiy mashg‘ulot edi. Keyinchalik shaxmat nafaqat o‘yin, balki tafakkurni charxlovchi, sabr-toqat va fikrlashni talab qiladigan sport turi ekanligini angladim. Shu yo‘lda jiddiy shug‘ullanib, para shaxmat musobaqalarida qatnasha boshladim.

O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda bir necha marta g‘olib bo‘lganman. 2024-yilda “Matonat” marafoni doirasida o‘tkazilgan xotin-qizlar kubogi respublika musobaqasida birinchi o‘rinni egalladim. 2024-2025-yilgi “Besh tashabbus para olimpiadasi”da ikki karra chempion bo‘ldim va o‘zim tug‘ilib o‘sgan Totkent mahallasi Yonariq qishlog‘ida universal sport maydonchasi qurib berildi. Mushkent mahallasida esa ikkinchi sport maydonchasi shu yil barpo etiladi. Rostini aytsam, sport bilan shug‘ullanishga imkoniyat bo‘lmagan mahallalarda mening yutuqlarim tufayli sport maydonchalari barpo etilayotgani men uchun katta faxr. Bu ishlar yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etishga xizmat qilayotganidan mamnunman. Hozirda para shaxmat bo‘yicha murabbiyman va o‘zim tahsil olgan 49-maktabda tashkil etilgan to‘garakda yoshlarga shaxmat sirlarini o‘rgatib kelyapman. Kelgusida terma jamoaga qabul qilinib, xalqaro musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni maqsad qilganman.

– Besh nafar farzandimiz bor, Munisa beshinchisi, – deydi Munisa Toshmamatovaning onasi Yulduz Nurmamatova. – Qizim yoshligidan biroz erkaroq o‘sgan. Lekin biror maqsadni ko‘zlasa, unga erishmaguncha harakatdan to‘xtamaydi. Bolaligidan shaxmat o‘ynashni o‘rgangandi. Hozir esa musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab, yuzimizni yorug‘ qilmoqda. O‘tgan yil mustaqil tayyorlanib, oliygohga ham o‘qishga kirdi. Albatta, bu yutuqlarning barchasini yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi, deb bilaman.

Fazliddin RO‘ZIBOEV.