Ayollar va bolalar xavfsizligi - yangi farmon nimani o‘zgartiradi?

Davlatimiz rahbari tomonidan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Hujjat mazmunan qattiqqo‘l jazo choralari bilan birga profilaktika, ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatlidir.

Bu farmon nima uchun muhim? U jamiyat hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Erta nikoh – ijtimoiy muammodan huquqiy nazoratga

So‘nggi yillarda erta nikoh holatlari keskin kamaygani aytilsa-da, ayrim hududlarda muammo saqlanib qolmoqda. Yangi farmon bu masalaga tizimli yondashuvni joriy etadi.

Endi erta nikoh yoki 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida xabar berish majburiy tartibga aylanadi. Mahalla, FHDY, ta’lim va tibbiyot muassasalari, hatto diniy idora vakillari ham bu borada mas’ul hisoblanadi. Xabar bermaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bu yondashuv ikki muhim natijaga olib kelishi mumkin:

- yashirin holatlar (latentlik) kamayadi;

- jazo muqarrarligi ta’minlanadi.

Shu bilan birga, 2027-yildan boshlab 21 yoshdan keyin nikoh tuzgan yosh oilalarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi davlat faqat cheklash emas, balki ongli nikohni rag‘batlantirish yo‘lini tanlaganini ko‘rsatadi.

“Ikkinchi imkoniyat” – yosh onalar uchun muhim qadam

Farmonning ijtimoiy ahamiyatli jihatlaridan biri homilador talaba-qizlar va yosh onalar uchun ta’limni davom ettirish imkoniyatlarining kengaytirilishidir.

Endi:

- kursdan qolgan talabalarga o‘qishni tiklash imkoni beriladi;

- masofaviy ta’lim shakli kengaytiriladi;

- akademik ta’til davrida ham o‘qishni onlayn davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Bu qaror ayolning taqdiri faqat erta turmush bilan cheklanib qolmasligi, uning ta’lim olish va kasb egallash huquqi ustuvor ekanini anglatadi.

Zo‘ravonlikka qarshi yangi bosqich

Farmon zo‘ravonlikka qarshi kurashishni ham yangi bosqichga olib chiqadi.

E’tiborli jihatlar:

- himoya orderi berilgan ayollar uchun “SOS” mobil xizmati joriy etiladi;

- jinsiy jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastalabki tergov vakolati faqat prokuraturaga o‘tadi;

- voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtiriladi, bunday ishlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar tomonidan ko‘riladi.

Bu zo‘ravonlikni “oilaviy masala” emas, balki jamiyat xavfsizligiga tahdid sifatida baholash siyosati mustahkamlanayotganini anglatadi.

Yangi tahdidlar: kiberzo‘ravonlik va stalking

Hujjatda femitsid, stalking, kiberzo‘ravonlik va onlayn-gruming kabi zamonaviy xavf-xatarlar uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

Bu esa huquqiy tizim raqamli makondagi tahdidlarga ham javob qaytara boshlaganini ko‘rsatadi.

Profilaktika – asosiy ustuvorlik

Farmonda “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” kurslarini 2030-yilgacha 100 foiz qamrovga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Bu nimani anglatadi?

Davlat muammoning oqibati bilan emas, sababi bilan kurashmoqda. Ya’ni, huquqiy madaniyatni oshirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ish olib boriladi.

Jazo va himoya o‘rtasidagi muvozanat

Yangi farmon faqat jazo choralarini kuchaytirish bilan cheklanmaydi. Unda rag‘batlantirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, raqamli nazorat va profilaktika choralari uyg‘unlashgan.

Eng muhimi, ayollar va bolalar xavfsizligi davlat siyosatining markaziga chiqarilmoqda.

Agar belgilangan chora-tadbirlar amalda to‘liq va samarali ijro etilsa, bu hujjat nafaqat huquqiy islohot, balki jamiyat tafakkurini o‘zgartirishga qaratilgan strategik qadam sifatida tarixda qolishi mumkin.

Otabek TOShNIYoZOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili.