Mo‘’jiza tufayli omon qolgan odamlar

Quyida yozayotgan sarguzashtlarga ishonish qiyin. Lekin ularni boshdan kechirgan odamlar mo‘’jiza tufayli omon qolib, o‘limni yengishga muvaffaq bo‘lgan.

 1000 daraja issiqda omon qolgan odam

1902 yilning 7 mayida Ludger Sibaris ismli ishchi mayda bezorilik uchun Martinika orolidagi Sen-Per shahri qamoqxonasiga tushib qoldi.

Hibsga olinganidan atigi 24 soat o‘tgach, 8 may kuni bu joyda “Mont-Pele” vulqoni otilishi sodir bo‘ldi. Bir necha daqiqa ichida Sen-Per vulqon gazlari, kul va tosh qoldiqlarining yuqori haroratli aralashmasi iskanjasida qoldi. Harorat selsiy bo‘yicha 1075 darajaga yetdi. Shahar ko‘chalari, uylarda bo‘lgan odamlarning barchasi halok bo‘ldi.

Ammo qamoqxona kamerasidagi qalin devorlar yakkalatib qo‘yilgan mahbusni chidab bo‘lmaydigan issiqlikdan qisman bo‘lsa-da, saqlab qoldi. Qisqa vaqt ichida 1000 darajaga yetgan harorat Lyudger tanasini kuydirdi. Shunga qaramay, u o‘sha kuni halok bo‘lgan Sent-Perning 30 000 dan ortiq aholisidan farqli o‘laroq, tirik qoldi. Qutqaruvchilar uni to‘rt kundan keyin topib olishdi.

Omon qolgan mahbusning hikoyasi dunyo bo‘ylab tarqaldi va tez orada u Amerikaning afsonaviy “Barnum va Beyli” sirkiga taklif qilindi. U yerda u ommaga “apokalipsisdan so‘ng omon qolgan odam” sifatida taqdim etilgan.

 Boshi umurtqa pog‘onasidan ajralgan ayol

2007 yilning yanvar oyida Amerikaning Nebraska shtatida yashovchi Shennon Malloy avtohalokatga uchradi. Uning mashinasi to‘siqqa borib urilib, qattiq zarba ayol terisi va mushaklarini shikastlanmagan bo‘lsa-da, boshini umurtqa pog‘onasidan uzib tashladi. Tibbiyotda “ichki boshsizlantirish” deb nomlanadigan bunday jarohat odatda o‘limga olib keladi. Biroq Shennon tirik qoldi.

Harakatchanlikni tiklash maqsadida jarrohlar qattiq metall - titan konstruksiyadan foydalanib, vintlar yordamida Shennonning bosh suyagini uning umurtqa pog‘onasiga biriktirib qo‘yishdi. Bir necha oy davom etgan reabilitatsiya davomida ayol harakat qilish, ovqatlanish va yashashni qaytadan o‘rganishi kerak bo‘ldi.

Shifokorlar bu amaliyotni jarrohlikdagi eng hayratlanarli holatlardan biri, deb atashdi. Ushbu turdagi jarohati bo‘lgan bemorlarning aksariyati darhol vafot etadi, omon qolganlari esa ko‘pincha falaj bo‘lib qoladi. Malloy to‘liq hayotga qaytdi, u turmushga chiqdi, farzand ko‘rdi va o‘zining aytishicha, hayotining keyingi har bir kunini qadrlashni o‘rgandi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.