Madaniyat va san’at xodimlari e’tirof etildi
Viloyatda madaniyat va san’atni rivojlantirish, ma’naviy boylikni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faol ijodkorlarga viloyat hokimining tashakkurnomalari topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, viloyatimiz xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga mezbonlik qilayotgani, o‘tkazilayotgan festival, forum va anjumanlarda samarqandlik ijodkorlarning beqiyos hissasi borligini qayd etdi. Shuningdek, mahalliy san’atkorlarning xalqaro maydondagi ishtiroki yil sayin ortib borayotgani, bu esa viloyatning madaniy salohiyati va nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
– Keyingi yillarda madaniyat va san’at sohasiga e’tibor oshdi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov. – Jumladan, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va yosh san’atkorlarning iste’dodini namoyish etishi uchun yangi loyihalar tashkil etildi, Madaniyat va san’at xodimlari kuni belgilandi. Shu bilan birga, hududlarda madaniyat markazlari va san’at maktablari faoliyati takomillashtirilib, zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Bu esa milliy madaniyatimizni yangi bosqichga olib chiqib, yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda va iqtidorini ro‘yobga chiqarishiga imkoniyatlar ochmoqda.