Bekorchi yoshlar bo‘lmaydi
Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Tadbirda ilgari surilgan tashabbuslar – ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik, innovatsiya va volontyorlik yo‘nalishlaridagi aniq va tizimli qarorlar ertamiz egalarining ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Savol tug‘ilish tabiiy – shu paytgacha yaratilgan imkoniyatlar, berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan nimalar qilindi?
Avvalo, qayd etish o‘rinli, viloyatimiz 4,3 million aholisining 2,3 million nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
O‘tgan yil mehnat bozoriga yangi kirib kelgan 88 ming 707 nafar bitiruvchilarning bandligini ta’minladik. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ushbu yo‘nalishda bandligini ta’minlash maqsadida 7 ming gektar yer 20 ming nafar yoshlarga berilgani natijasida ular 28,3 ming tonna mahsulot yetishtirib, 280 milliard so‘m daromad olishdi.
Tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida esa 21 ming 115 nafar yoshlarga 691,4 milliard so‘m kreditlar ajratilib, 22 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Misol uchun, Urgut tumani Quyi Torinjak mahallasida yashovchi Fazliddin Salimov erkaklar ustki kiyimlari ishlab chiqarishni yo‘lga quyish maqsadida 2,6 milliard so‘m kredit olib, 40 kishining bandligini ta’minladi.
Samarqand shahar Obod Sharq mahallasida Temur Odilov 500 million so‘m kredit hisobidan bolalarga logoped xizmatlarini tashkil etdi va 20 ta yangi ish o‘rni yaratdi.
O‘tgan yili shuningdek, 8 ming 264 nafar yoshga 30 dan ortiq kasb-hunar o‘rgatilgan bo‘lsa, onlayn platformalar orqali 4 ming 405 nafar yigit-qiz zamonaviy kasblarga o‘qitildi.
Xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan 1 ming 85 nafar yoshlarning 2,3 milliard so‘mlik imtihon xarajatlari qoplab berildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi bor 70 ming o‘g‘il-qizlarimiz “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali o‘qitiladi.
Darvoqe, yil boshida 9 ming 630 nafar ishsiz, “og‘ir” toifadagi yoshlarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Ular viloyatdagi 578 nafar rahbarlarga nomma-nom biriktirildi. O‘tgan davr mobaynida ulardan 3212 nafari yoki 33,4 foizining bandligi ta’minlandi. Ro‘yxatdagi qolgan yoshlar bilan manzilli ishlar davom ettirilib, bandligini to‘liq ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, ishsiz yoshlarning 2382 nafari 17-21 yoshdagilar ekan. Shuni hisobga olib birinchi navbatda ularni oliy ta’lim bilan qamrab olish, kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish orqali doimiy ish bilan band qilish ko‘zda tutilmoqda.
To‘g‘ri, joriy yilda yana 80 ming 561 nafar yigit-qizlar mehnat bozoriga kirib keladi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarini 12 ming 174 nafar, kasbiy ta’lim muassasalarini 19 ming 817 nafar, maktablarni 48 ming 570 nafar bitiruvchi tamomlaydi.
Shundan 39 ming nafari, ya’ni 49 foiz bitiruvchilar ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olinadi. Qolgan 41 ming nafari bilan manzilli ishlab, yil yakuniga qadar ularning bandligini ta’minlaymiz.
Ayni paytda viloyatda 11 mingdan ortiq vakant ish o‘rinlari mavjud. Yil yakunigacha yana 96 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bundan tashqari, viloyatda 60 ga yaqin kasb-hunar o‘quv kurslari va 6 ta monomarkazda 2,5 ming nafar yigit-qizlar o‘qimoqda. Yil yakunigacha 10 mingga yaqin bitiruvchilar kasb-hunar o‘rganadi. Viloyat bo‘yicha mingdan ortiq xorijiy tillarga o‘rgatish kurslari faoliyat olib bormoqda.
Shu raqamlarning o‘zi ishsiz yoshlarimizning doimiy bandligini ta’minlash uchun imkoniyat yetarli ekanini ko‘rsatadi.
Yoshlar bandligi masalasida gap ketganda tabiiyki, texnikumlar haqida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Chunki keyingi yillarda bu muassasalar qisqa muddatda zamon talablariga mos o‘rta mutaxassislarni tayyorlab berayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Misol uchun, Ishtixon tumanida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda Samarqand xalqaro texnikumi tashkil etildi. Bungacha Ishtixon 1-son texnikumining 66 nafar o‘quvchisi Xitoyda 3 oy ishlab chiqarish amaliyotini o‘tab qaytdi. Hozirda ushbu texnikumda 300 nafarga yaqin yoshlar saralab olinib, Xitoy bilan hamkorlikda o‘qish jarayonini boshlash arafasida.
Shu bilan birga, viloyatdagi texnikumlarda Germaniyaning (GIZ) tashkiloti bilan hamda Buyuk Britaniya, Koreya va Belarus davlatlarining ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda hududda ehtiyoj yuqori bo‘lgan axborot texnologiyalari, turizm, payvandlovchi, elektromontyor, logistika, metallar texnologiyasi, hamshiralik kasbi bo‘yicha mingga yaqin o‘quvchi o‘qitilmoqda.
Shuningdek, yana 7 ta texnikumda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 14 ta kasb bo‘yicha xalqaro va qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Umuman, hududlar kesimida tahlil qilib chiqib, ishsiz yoshlar eng ko‘p bo‘lgan Urgut tumani (1674 nafar) bo‘yicha alohida ishlarni reja qilib oldik. Jumladan, tumandagi 1300 o‘rinli 1-son texnikum binosi mahalliy byudjet hisobidan zamonaviy usulda ta’mirlanadi. Kasbiy ta’lim agentligi texnikumni zamonaviy jihozlar bilan jihozlaydi.
Texnikumda qisqa muddatli kurslarda 4 mingga yaqin yoshlar kasb-hunarga o‘qitiladi.
Ertamiz egalarining bandligini ta’minlash va ularning salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan. Shu asosda viloyatimiz yoshlarini mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassis etib tayyorlash, ularni daromadli faoliyatga yo‘naltirish bo‘yicha amaliy natija beradigan tizimli ishlar tashkil etilmoqda.
Husan TO‘XTAEV,
viloyat hokimi o‘rinbosari.