Imkoniyat bor, natija va mas’uliyat-chi?

Sport sohasidagi muammo va kamchiliklar o‘rganilib, tanqidiy tahlil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov boshchiligidagi ishchi guruh viloyatdagi sport ta’lim muassasalarining holati, sportchilarga yaratilgan sharoitlar, seleksiya ishlari hamda shu yil Samarqandda  o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rgandi.

Dastlab Samarqand shahridagi 2-son sport maktabi faoliyati va muassasaga qarashli og‘ir atletika zalida mashg‘ulot jarayonlari, sportchilar uchun yaratilgan shariotlar, “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari asosida mukammal ta’mirlangan ushbu majmuaning jihozlanish holati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek,  “Nafis” sport majmuasida quriladigan kamondan otish markazi loyihasi mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi. Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari Samarqand shahrida zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazining qurilish-montaj ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonovning ta’kidlashicha, Prezident  qarori asosida barpo etilayotgan ushbu markaz sport zal, besh qavatli yotoqxona, oshxona hamda ma’muriyat binosidan iborat bo‘ladi. Inshoot Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun xizmat qiladi. Yoshlar badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, sport akrobatikasi va trampolin bilan shug‘ullanadi. Markazga 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 132 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchi qabul qilinadi. O‘qish muddati 11 yil bo‘lib, har yili 12 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi va bitiruvchilarga gimnastika sport turlari murabbiyi mutaxassisligi beriladi.

“Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari olib borayotgan markazning yotoqxona va yuvinish xonalarini jihozlashda shug‘ullanuvchilarning yosh toifasini hisobga olish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha mutasaddilarga tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Sport vaziri shu yil  46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkaziladigan “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida bo‘lib, shaxmatchilar uchun qulay sharoit yaratish, hududni musobaqa talablari darajasida jihozlash kerakligini ta’kidladi. O‘rganish davomida Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi faoliyati, Toyloq hamda Samarqand tumanlari 1-son sport maktablarining moddiy-texnik bazasi, murabbiylar salohiyati, sportchilarga yaratilgan sharoitlar, erishilgan natijalar va seleksiya ishlari tanqidiy baholandi.

Samarqand tumanida Turkiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Italiya davlatlari texnologiyalari yordamida 40 dan ziyod sport jihozlari ishlab chiqarilayotgan “Stekloplastik” korxonasi faoliyati bilan ham tanishilib, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlarning sport bilan  shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, oliygohlarda tashkil etilgan sport klublari faoliyati o‘rganildi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida viloyat hokimligida viloyat hokimi Adiz Boboyev hamda Sport vaziri Adham Ikromov boshchiligida sport sohasi vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Sport-ta’lim muassasalari, sport federatsiyalari, hamkor tashkilotlar, oliy ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mas’ullari hamda tuman (shahar) hokimliklari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda sohadagi muammolar atroflicha muhokama qilinib, viloyatda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, o‘tgan yil o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarida viloyat sportchilari erishgan natijalar qoniqarsiz ekani qayd etildi.

- Viloyatdagi ikkita olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi va yana bir nechta sport muassasalari qoniqarsiz faoliyat yuritmoqda, - dedi Adham Ikromov. - Respublikamizning aksariyat hududlarida bunday markazlar soni bitta va bu borada Samarqand yetakchi. Ammo bugun markazlar talab darajasida faoliyat yurityapti, deb bo‘lmaydi. Misol uchun, o‘tgan yil o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida  Toyloq olimpiya markazi sportchilari birorta sport turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritmagan.

Yig‘ilishda ushbu muassasa  direktori ishdan olingani ma’lum qilingan bo‘lsa, Samarqand shahridagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi rahbariga ogohlantirish berildi. Muloqot davomida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2026-yilgi mavsumiga start berilgani, musobaqa nizomiga kiritilgan  o‘zgarishlar hamda ommaviy targ‘ibot masalalari taqdimot ko‘rinishida tushuntirildi. Mazkur olimpiadaning o‘tgan yilgi mavsumida Samarqand viloyati birinchi o‘rinni egallagani, bunda mahalladagi yoshlar yetakchilarining xizmati kattaligi alohida ta’kidlandi. Xususan, sport musobaqalarida mahalla yoshlarining faol ishtirokini ta’minlab, ularning yuqori natajalarga erishishiga hissa qo‘shayotgan Paxtachi tumanidagi beshta mahallaga biriktirilgan trener-seleksioner Sanjar Xolmurodov, faol yoshlar yetakchilari va mahalla faollari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga ommaviy sportga qamrovni oshirish, yoshlarni musobaqalarga keng jalb qilish, elektron ro‘yxatga olish tizimida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatma va vazifalar belgilab berildi.

Fazliddin RO‘ZIBOEV.