Og‘ir kunlarda matonat ko‘rsatgan ayollar unutilmaydi
Ayol nafislik va nafosat, mehr-muhabbat, go‘zallik ramzidir. Ular bejiz farishtalarga o‘xshatilmaydi. Shu bilan birga, ularning matonati, fidoyiligi va yurtga sadoqati haqida ko‘plab misollar bor. Jumladan, Ikkinchi jahon urushi davrida front va front ortida fidokorona mehnat qilib, g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan minglab onaxonlarimiz nomi tarix zarvaraqlarida muhrlanib qolgan. Mardlik va shijoat ko‘rsatgan fidoyi onajonlarimizni yodga olib, ularga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish bizning burchimizdir.
Kattaqo‘rg‘on suv ombori yurtimizda qurilgan ilk suv havzasi hisoblanadi. Viloyat davlat arxivida saqlanayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, ana shu suv ombori 1940-1951 yillarda qurib bitkazilgan. Ayni urush davrida qurilishi boshlangan suv omborining bunyod etilishida xotin-qizlarimizning xizmati beqiyos bo‘lgan. 1941 yilda olingan suratlar aynan shu mehnat fronti xaqida hikoya qiladi.
Arxivimizda saqlanayotgan 1259-sonli R.Karimovning shaxsiy fondida 1941 yilda birinchilardan ko‘ngilli bo‘lib urushga otlangan Samarqand tumani Buxor qishlog‘ida yashagan Dodar Hotamova to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Frontga jo‘natilayotgan ayollarimiz ketishdan oldin harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
Arxivlarda saqlanib qolgan suratlarda Samarqand shahrida frontga zarur mahsulotlar yetkazib bergan korxonalarning asosiy ishchi kuchi ayollar bo‘lganligi ko‘rinib turibdi. Ularning zahmatli mehnati bilan barcha mahsulotlar vaqtida yetkazib berilgan. Jumladan, “8-mart” fabrikasi ishchi-xizmatchilari jangchilarni paxtalik issiq kiyim-bosh, ichki kiyim, paytava, paypoq va qo‘lqoplar bilan ta’minlagan.
Saqlanib qolgan hujjatlarni varaqlar ekanmiz, bugungi saodatli kunlarimizga osonlikcha erishilmaganini anglash mumkin. Bugun Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari qatori front ortida mehnat qilgan faxriylar, otaxonu onaxonlarning nomlarini qayta tiklash va abadiylashtirishda arxiv xodimlarining xizmati katta bo‘lmoqda.
F.ULUG‘OV,
viloyat davlat arxivi yetakchi arxivchisi.