Ayol doim e’tiborda bo‘lishi kerak
Shiddat bilan tezlashayotgan jamiyat, kundan kunga yangilanayotgan sohalar, onlayn savdolar tezlashgan va texnologiyalarni chuqur tushunib ulg‘ayayotgan avlodni tarbiyalashi lozim bo‘lgan ayollar uchun bugun nima kerak? Mana shunday kunda o‘zgarib, mablag‘ topish ham texnologik savodxonligimizga bog‘liq bo‘lib turgan paytda ta’lim eng birinchi o‘ringa chiqib qolyapti. Qaysi toifa xotin-qizlar bilan ishlamaylik, ularning qay biri bilan muloqot olib bormaylik, juda ko‘p jihatlar ta’limga borib taqalyapti.
O‘zini rivojlantirayotgan ayol yutqazmaydi
Keling, fikrimni misollar bilan sharhlasam, uy bekasi hech bo‘lmaganda farzandlari tarbiyasi uchun bugun nimalarnidir o‘rganishi kerakligini aytmoqda. Uzoq yildan beri tadbirkorlik qilayotgan ayollar ishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha ta’limga ehtiyoj sezyapti. Dehqon, fermer opalarimiz ham internet orqali sohasidagi yangiliklarni kuzatmasa, ko‘p narsadan ortda qolib ketyapti. Mahsulotlarini onlayn savdoga chiqarishga o‘tgan, issiqxona, xo‘jalik yurituvini bugun hech joyga chiqmasdan, ma’lum bir kurslar orqali onlayn o‘zlashtirayotgan xotin-qizlar safi tobora kengayib bormoqda. Hatto uyidagi janjallardan so‘ng himoya orderi berilgan ayollar ham maxsus reablitatsiya markazlarida yashaydigan bo‘lsa, ularga nimadir o‘rgatilmoqda, hunardan tortib huquqiy bilimlargacha. Bularning barchasi esa ta’lim, o‘qish, izlanish deganidir.
Bugun oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari, xotin-qizlar faollari bir paytlardagi kabi faqat oilaviy mojarolarning oldini olish, turli arz-dodlar bilan shug‘ullanish bilangina mashg‘ul emas. Har bir masalaga tizimli munosabat shakllanmoqda, ta’limga urg‘u berilyapti va tizimdan ham shu talab etilmoqda.
Daftardagi ayollar Bo‘stonliqqa nega jo‘natildi?
O‘tgan yili ehtiyojmand oilalar qiz farzandlarining 727 nafariga, 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan, oliy ma’lumoti bo‘lmagan xotin-qizlarning 249 nafari muassasalariga o‘qishga oliy ta’limga kirishlari uchun tavsiyanoma berildi.
Shuningdek, 2025-2026-o‘quv yili uchun 130 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning to‘lov-kontrakti to‘lab berildi.
O‘tgan yilda 145 ming 268 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga erishildi.
Shuningdek, 32923 nafar xotin-qizlar kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. Ularning 13 39 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlikka o‘qitilganlar 8978 nafarni tashkil etdi. Xavfsiz migratsiya tamoyili asosida xorijiy til va kasb-hunarga o‘qitilganlar 2806 nafar bo‘ldi. Shuningdek, daraxt va gul ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha o‘qitilganlar soni 1040 nafarga yetdi.
1604 nafar xotin-qizning tadbirkorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlandi. 2109 nafar ehtiyojmand xotin-qiz lider tadbirkor ayollarga biriktirildi. Shuningdek, xorijdan vatanga qaytarilgan xotin-qizlardan 24337 nafarining bandligi ta’minlandi.
O‘tgan yili respublika oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan xayrli bir ishga qo‘l urildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2250 nafar xotin-qiz Bo‘stonliq tumanida joylashgan dam olish maskanida bo‘lib, psixologik yordam ko‘rsatish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarda ishtirok etishdi. Buni qarangki, bu tashabbus ham o‘zini rivojlantirish, bilim olish bilan bog‘liq. Lekin uning ta’siri juda ahamiyatli bo‘ldi. Ushbu treninglarda qatnashib kelgan ayollar juda ko‘p narsalarni o‘rgangani, hayotini butunlay yangicha bir tahlil etganini aytishdi. Bu tajriba bu yil ham davom etadi, qamrov kengayadi.
Oqdaryo tajribasi yaratildi
Afsuski, hayot bir tekis emas, uning turli sinovlaridan o‘tishga to‘g‘ri keladi. 2025-yil yakunida viloyatda oilaviy ajrimlar avvalgi yilga nisbatan 203 taga, ya’ni 4,4 foizga oshdi.
Ajrimlar 6 ta tuman va shaharlarda kamaygan bo‘lsa, boshqalarida oshgan. Oilaviy ajrimlarning oldini olishda Oqdaryo tajribasi yaratildi. Bu tajribaning mohiyati nimada?
2024-yil ajrim eng ko‘p qayd etilgan Oqdaryo tumaniga Samarqand davlat universitetining malakali psixolog-trenerlari tomonidan tizimli tarzda seminar-trening o‘tkazildi. Buning natijasida o‘tgan yil ajrim yoqasidagi 205 ta oilaning 195 tasi yarashtirilib, sog‘lom muhitga qaytarildi. Ushbu seminar-treningga Samarqand davlat universitetining psixologlaridan tashqari tuman “Oqila ayollar” harakati a’zolari ham jalb etilib, oilaviy ajrimlarning oldini olishga munosib hissa qo‘shildi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy nizolarning oldini olish hamda xotin-qizlarga huquqiy, tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatish maqsadida “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hokimliklar bilan hamkorlikda markazlar joy bilan ta’minlandi va xotin-qizlar uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ikki mingga yaqin nizo bartaraf etildi
Xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bir nechta tizim hamkorligida chuqur o‘rganilgan holda olib borilmoqda. Xotin-qizlarning bilim darajasi oshayapti va darhol tegishli idoralarga murojaatlar ko‘paymoqda. Shuning uchun himoya orderlari berilish holati yildan-yilga ko‘paymoqda. To‘g‘ri, bu xursand bo‘ladigan ko‘rsatkich emas. Ammo yillar davomida maishiy zo‘ravonlikdan qiynalib, alamini yutib, nafaqat oilasi, butun jamiyatga ziyon yetadigan holatlar, jinoyatlarning ko‘payganidan ko‘ra, uning oldini olgan afzalroq. Himoya orderlari mana shunday profilaktika o‘rnini o‘tamoqda.
O‘tgan yili tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 4426 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berildi. Bu 2024-yilga nisbatan 2199 taga ko‘pdir.
Tazyiq va zo‘ravonlik holatlari Qo‘shrabot tumanida 39 taga, Kattaqo‘rg‘on shahrida 15 taga, Bulung‘ur tumanida 8 taga kamaygan. Himoya orderi berish natijasida 2143 ta oila yarashtirildi, 1993 ta holatda nizo bartaraf etildi.
Aslida har bir oilaning o‘z himoya orderi bo‘lishi kerak. Bu – ta’lim-tarbiya, odob-axloq, qadriyatlarning avaylab-asralgan holda avloddan-avlodga o‘tishi kabi fazilatlar hamda oila kattalarining bu masalaga jiddiy e’tiboridir. Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, uning mutasaddilari oiladagi shu fazilatlarni asrab qolishni targ‘ib qilish barobarida, turli masalalarda ularga ko‘mak ko‘rsatishni asosiy vazifasi deb biladi.g suyaklari to‘g‘ri rivojlanishi uchun bu mashqlar muhim.
Zebo SAIDOVA,
viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari.