Samarqanddagi sanoat korxonalarining quvvatlaridan foydalanish darajasi 51,4 foiz: Muammo nimada?
Viloyat sanoat shtabi tomonidan viloyatdagi 9100 ta sanoat korxonasi o‘rganilganda 1800 ga yaqin korxonada turli muammolar borligi aniqlangan.
Ixtiyoriy tugatish jarayonida bo‘lgan 704 ta korxonaning 47 tasi faoliyati tugatilgan, 147 tasining faoliyati tiklangan va 510 tasida tugatish jarayoni davom etmoqda.
Joriy yil avgust oyidagi o‘rganishlarga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan 5164 ta korxonaning 877 tasida kameral va kuzatuv nazorati olib borilganligi natijasida qo‘shimcha 222 milliard so‘mlik hajm hisob-kitob qilingan va 4653 nafar nolegal ishchilar aniqlanib, ularning 3505 nafari legallashtirilgan. Shuningdek, 2270 ta vakant ish o‘rinlari aniqlangan.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan 4829 korxonadan 2749 tasi to‘la quvvatda ishlamayapti. Bunga esa elektr, gaz, suv ta’minoti, xomashyo, kredit, soliq, mahsulot sotish, kadrlar yetishmasligi kabi muammolar sabab bo‘lgan. Bu bilan viloyat bo‘yicha sanoat quvvatlaridan foydalanish darajasi 51,4 foizni tashkil qiladi. Agarda korxonalarning quvvati 10 foizga oshirilsa, qo‘shimcha 5,5 trillion so‘m hajm bo‘lishi hisob-kitob qilingan.
Sanoat korxonalaridagi bu kabi muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, muddat belgilangan.
- Tumanimizdagi 66 ta ixtiyoriy tugatishga olingan korxonada o‘rganishlar olib borilib, ularning 7 tasi faoliyati tiklandi va 3 ta korxona ixtiyoriy ravishda tugatildi, - deydi Samarqand tumani hokimligi iqtisodiyot va moliya bo‘limi bosh mutaxassisi Zufar Mahmadiyorov. - Yana 115 ta korxonada o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Tumandagi 500 ga yaqin sanoat korxonasidan to‘la quvvatda faoliyat ko‘rsatmayotganlariga ishlab chiqarishda to‘siq bo‘layotgan muammolarini bartaraf etish va quvvatni oshirish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatilmoqda. 496 ta korxonada olib borilgan o‘rganish natijasida 57 milliard 238 million so‘mdan ortiq hajm (o‘sish 3,3 foiz) va 113 ta ish o‘rni (o‘sish 2,6 foiz) aniqlandi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.