Qish, avtobus va insof

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu qizning ushbu holatidan avtobusdagilar iljayib qo‘ydi.

Qiz yigitning yonidagi bo‘sh joyga o‘tirdi:
- Yaxshi qiz, mana bu "fortochka"ni yopib yuboring, shundoq qo‘lingizni cho‘zsangiz yetarkan.
Bu gapdan avtobus orqasida to‘planib turgan bir talay bolalar baqirib kulib yuborishdi. Qiz bor qahr-g‘azabini to‘plab yigitga sochdi:
- Uyatsiz, seni ham ona tuqqan-ku, bezbet!
Avtobus ortidan esa pichir-pichir ovozlar eshitildi:
- Hah, uyatsiz. Qiz bopladi. Bu yoshlar jaa betarbiya bo‘lib ketishyapti, beadab.
Qishning achchiq shamoli yana bir bekat avtobus oynasidan esib turdi. Qiz oldida jim ketayotgan "bezbet" dir-dir titrasa-da, turib derazachani yopishga unamadi.
- "Ziyolilar" bekati! Tushadiganlar keling, - avtobus chipta tarqatuvchisi chaqirig‘idan yigit yonida turgan qo‘ltiqtayog‘ini oldi-yu, avaylabgina avtobusdan tushib ketdi...
Qiz uning ortidan hayratlangancha bir zum qotib qoldi.
- Obbo, qiz qurg‘ur-ye, o‘zi ko‘ngli yarim bechora yigit ekan. Dilini og‘ritibdi. Insof ham qolmagan odamlarda..., — avtobus ortidan yana o‘sha tanish ovozlar eshitildi.

Azizbek Abdalimov.