Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratiladigan nafaqalar miqdori yetarlimi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan yagona imtiyozlarning ro‘yxati 120 ga yaqin.
Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun OTMda davlat granti asosida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratilishi belgilangan. Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega.
Shunindek, nogironligi bo‘lgan yoshlarga BHMning 50 baravarigacha (17 mln so‘mgacha) subsidiya ajratilishi, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan, yer solig‘idan ozod qilinishi, uy joy olinishida, bandligini ta’minlash masalalarida va yana boshqa sohalarda ham bir qator imtiyozlar qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan.
Aslida men nogironlarga ajratilayotgan nafaqalar yetarli deb o‘ylar edim, hattoki imtiyozlar juda ko‘p berilganligi haqida ham fikrlarim bor edi. 2024 yilning fevral oyiga qadar shunday hisoblar edim. 5 fevral kuni ertalab ishxonada yig‘ilishdan so‘ng rahbarimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olishimizni, shu hafta davomida, har bir tuman va shahardan 5 ta manzilga kirib chiqishga ulgurishimiz lozimligini ta’kidladi.
Partiyaning tuman, shahar Kengashi raislari, deputatlari bilan maslahatlashib boradigan manzillar ro‘yxatini shakllantirdik. Dastlabki Past Darg‘om tumanidan boshlangan manzilimizni Ishtixon tumanidagi uchrashuv bilan yakunladik. Xonadon ahli bilan suhbatlashib, ularning muammolarini tingladik, mutasaddilar bilan bog‘lanib ko‘tarilgan masalalar yuzasidan suhbatlashdik. Xullas, qay bir tuman yoki shaharga bormaylik xonadon ahlining murojaati ijobiy yechim topish yo‘lida izlanildi. Homiylar ko‘magida dori-darmon vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Odatda bu kabi xayrli tadbirlardan so‘ng qushdek yengil bo‘lib, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shilgandek bo‘lardi. Ammo bu safar unday bo‘lmadi, ishxonaga qaytancha yo‘lda hamma jim, bir so‘z demasdan keldi.
Ba’zan aholi bilan uchrashuvlar chog‘ida to‘rt muchasi sog‘-salomat, zabardast o‘g‘il farzandlari bor, topish-tutishi o‘ziga yetib turgan bo‘lsa-da bepul uy-joy, moddiy yordam so‘rayotganlarni ham ko‘rdik. Lekin moddiy qiyin ahvolda yashayotgan bo‘lsa-da, boriga sabr qilib, qo‘ni-qo‘shni, mahalla ahlidan hayo qilib, davlat idoralaridan biror narsa talab qilishga iymanib turgan, aslida yashash tarzi bir ahvoldagi insonlarga guvoh bo‘ldik. Eng avvalo, ulardagi bir xislat - Alloh bergan sinovni chiroyli sabr bilan yengayotganlarini ko‘rib tahsin aytasiz. Biror muammoingiz bormi, deb so‘raganimizda iymanibgina dori-darmoni uchun yordam bersangiz bas, deganlari ham bo‘ldi. Ba’zilari esa hamma narsasi yetarli ekanligini, davlatimiz tomonidan shart-sharoitlar yaratib berilayotganidan mamnunligini izhor etishdi.
Ishtixon tumanida bo‘lganimizda Murodobod mahallasida yashab kelayotgan, 1-guruh nogironlari Tohir Norbekov hamda Zamira Norbekovalarning holidan xabar oldik. Ularning yolg‘iz boquvchisi O‘ktam Norbekovning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, turmush o‘rtog‘i opasiga, o‘zi ukasiga qarayotganligi tufayli biror joyda ishlay olmasdan kelyapti.
- Irodam yetgancha jigarlarimning dardiga malham bo‘lishga harakat qilib kelyapman, — deydi U.Norbekov. — Xudo bergan dard, noilojmiz. Biroq doimiy ravishda xarid qilayotgan dorilarimizning narxi ancha baland. Nogironlik nafaqa pullarini muntazam olib turibmiz, ammo u ham yetmaydi. Shifokorlar holimizdan xabar olib turibdi, lekin zarur dorilarni olishga hamma vaqt ham imkonimiz bo‘lmaydi.
Deputatlar ko‘magida tegishli tashkilotlar bilan telefon orqali bog‘landik va fuqaroga shu kunning o‘zida homiylik asosida dori-darmon vositalari, moddiy yordam yetkazildi. Ketar chog‘imizda T.Norbekov shu yoshga qadar Samarqandni ikki marotaba ko‘rgani, agar imkoni bo‘lsa akasi va o‘zi uchun sanatoriyaga yo‘llanma olib berishini so‘radi.
- Akam bilan dam olib, davolanib kelsak. Akam ham xursand bo‘lsin deyman. Bizga qarayman deb qiynalib qoldilar”, - deydi T.Norbekov.
Uning murojaati asosida partiya viloyat Kengashi raisi H.Oqbo‘tayev mutasaddi tashkilotlar bilan suhbatlashdi, masala ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Ammo oradan ko‘p fursat o‘tmay sanatoriya uchun yo‘llanma qolib ketdi, T.Norbekov salomatligi yomonlashib vafot etgani xabarini oldik...
Bundan tashqari, aholi murojaatlarini o‘rganish chog‘ida nogironligi bo‘lgan, ijtimiy himoyaga muhtoj fuqarolar tomonidan kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun ham amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatlar bo‘ldi.
Samarqand viloyatida 11737 nafar 1-guruh nogironi bo‘lsa, ularning 335 tasi tug‘ma nogironlar ro‘yxatida turadi. Ayni ana shunday 1-guruh bolalikdan yoki tug‘ma nogiron bo‘lgan shaxslarning oylik nafaqasi miqdorini oshirish kerak, deb hisoblayman. Chunki 1-guruh nogironlari uchun dori-darmonining o‘ziga talaygina pul sarflanadi. Bundan tashqari, uning oziq-ovqati, kunlik ehtiyojlari uchun ham sarf-xarajatlar zarur. Amaldagi 893 ming so‘m kamlik qiladi. Shu bilan birga, 1-guruh nogironi bo‘lgan, "Temir daftar"da ro‘yxatda turuvchi oilalarning farzandlari uchun jamoat transportlaridan imtiyozli foydalanish imkoniyatini yaratish, ayni shu toifadagi shaxslar uchun kommunal to‘lovlariga imtiyozlar kiritilishi lozim.
Lola Sayidova,
“Adolat” SDP viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari.