120 yillik tarix va fidoyi mehnat e’tirof etildi

Samarqand shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari kuni va mazkur tashkilot tashkil etilganligining 120 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
 
Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyat kengashi va tarmoq kasaba uyushmalari faollari va xodimlar, soha faxriylari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 
 

Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, kasaba uyushmalari a’zolari va faxriylarni bayram bilan tabrikladi. 

– Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish ijtimoiy davlatning eng muhim tamoyillaridan biridir, – dedi A.Boboyev. – O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va uning quyi tashkilotlari ana shu tamoyilni hayotga tatbiq etishga xizmat qilib kelmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kasaba uyushmalari tizimi faoliyatini rivojlantirish, ayniqsa, uni xalqning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini biladigan, amaliy yordam bera oladigan tuzilmaga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Buni Prezidentimiz shu yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvda ham alohida qayd etib, kasaba uyushmalarini xalq ichiga kirgan, xalqqa eng yaqin jamoat tashkiloti sifatida e’tirof etdilar.

Bugungi kunda viloyatda 4212 ta kasaba uyushma tashkiloti faoliyat yuritib, 800 mingga yaqin xodim va talaba-yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirgan. Kasaba uyushmalari ularning mehnat, ijtimoiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoiti yaratishda muhim o‘rin tutmoqda. Mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi” tamoyili asosida faoliyat olib bormoqda.

Tadbirda kasaba uyushmalari tizimida fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan bir guruh xodimlar, soha faxriylari “O‘zbekiston kasaba uyushmalariga 120 yil” esdalik nishoni hamda viloyat hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. 

Shuningdek, marosimda kasaba uyushmalari tashkilotlari tizimida o‘tkazilgan turli tanlov va musobaqalar g‘oliblari ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari feredatsiyasi hamda viloyat tashkiloti tomonidan rag‘batlantirildi.

G‘.Hasanov,

A.Isroilov (surat).