Kasaba uyushmalar ishchi-xodimlar mehnatini qanday muhofaza qilyapti?

Bu savolga Samarqand shahrida "28 aprel - Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni" munosabati bilan tashkil etilgan mintaqaviy seminarda javob izlandi.

Unda Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax hamda viloyatimizdagi tarmoq kasaba uyushmasi vakillari ishtirok etdi va tajriba almashdi.

Dastlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi raisi S.Rafiqov viloyatdagi korxona-tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida mehnat muhofazasi borasida keyingi paytda samarali ishlar qilinayotgani, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilayotganini ta’kidladi.

- Keyingi yillarda yurtimizda mehnat muhofazasi madaniyati shakllanishi ancha o‘zgardi,- deydi O‘zbekiston kasaba  uyushmalari Federatsiyasi apparatining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Nodira G‘oyibnazarova.  - Yana bir muhim jihati, respublikamizdagi korxona va tashilotlarda ish beruvchi tomonidan avvalo ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratilyapti.

Shuningdek, tadbirda viloyat bandlik bosh boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda kasaba uyushmasi vakillari mavzu doirasida ma’lumot beradi.

Ta’kidlanishicha o‘tgan 2021 yil davomida respublika bo‘yicha 203 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan bo‘lib, shundan 59 tasida o‘lim qayd etilgan. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatida 235 nafar ishchi turli tan jarohatini olgan, 62 nafari vafot etgan. O‘rganishlar natijasida 67 nafar xodimning mehnat qobiliyati yo‘qolganlik darajasi  aniqlangan.

Tadbirdan so‘ng mehmonlar Samarqand shahridagi bir nechta tashkilotlarda bo‘lib, u yerda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.

Husan Eltoyev.