Yong‘indan ogohlik - xavfsiz hayot garovi

Kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan uylarda isitish moslamalari ishga tushadi, elektr jihozlari ko‘proq qo‘llaniladi, tabiiy gazdan foydalanish me’yoridan oshadi.

Bir qaraganda oddiy ko‘ringan bu holatlar bejiz mutaxassislarni tashvishga solmaydi. Chunki har yili ana shu mavsumda ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan ko‘plab yong‘inlar va baxtsiz hodisalar inson hayotiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Shu yil 1–30 dekabr kunlari yurtimizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilmoqda. Ayni kunlarda viloyatdagi mahallalar, uy-joylar, korxonalarda profilaktika ishlari yanada kuchaytirilib, aholining ogohlik darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan yil qish kechasi bir xonadonda isitish pechi yoniq holda, dudburon tozalanmagani uchun is gazi xonaga tarqalgan. Bu bee’tiborlik oqibatida ikki bolali oila og‘ir holatda shifoxonaga yotqizilgan. Yaxshiyamki, qo‘shni xonadon egasi vaqtida tez yordam va favqulodda vaziyatlar xodimlariga murojaat qilgan. Aks holda nima bo‘lishi sizga ayon.

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Misol uchun, xonadon sohibining gaz plitasi uchun o‘zi “improvizatsiya” qilib ulagan rezina shlang yorilib ketgani tufayli gaz xonaga sizib chiqadi. Ayol kishi ertalab pechkada olov yoqmoqchi bo‘ladi va portlash sodir bo‘ladi. Xayriyatki, o‘sha uyda jiddiy jabrlanuvchilar bo‘lmadi, ammo uyning yarmi vayron bo‘lgani hammamiz uchun ogohlikka chaqiruvdir.

Shuningdek, qishda elektr isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish ham ko‘p hollarda yong‘inga sabab bo‘ladi. Bir mahallada yolg‘iz yashaydigan kishi elektr isitkichini tokka ulab, uning yonishi uchun mo‘ljallanmagan narsalarni qo‘ygan. Isitkich qizib ketib, yong‘in chiqqan. Atrofdagilarning yordami bilan olov katta hududga tarqalishining oldi olingan, lekin u kishining uy-joyi zararlangan, o‘zi jarohat olib nogiron bo‘lib qolgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday hodisalarning umumiy sababi — aholi orasida gaz va elektr uskunalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, profilaktika ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirmaslik, eng muhimi, “mening uyimda bunday bo‘lmaydi”, degan ishonchdir.

“Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida aynan shunday holatlarning oldini olish, odamlarni hayotiy misollar orqali ogohlantirish, har bir xonadonda xavfsizlik madaniyatini mustahkamlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Mahalla-ko‘chalarda xonadonlararo tushuntirish ishlari, isitish uskunalarini tekshirish, fuqarolarga maxsus qo‘llanmalar tarqatish, maktab va bog‘chalarda bolalar uchun ogohlik darslari o‘tkazilmoqda.

Qish mavsumida har birimizdan mas’uliyat talab qilinadi. Elektr uskunasi ishlayotgan bo‘lsa, uni qarovsiz qoldirmang. Gaz uskunalarini mutaxassissiz o‘rnatmang. Pech yonishini nazoratsiz qoldirmang. Bir lahzalik bee’tiborlik butun bir uyning, hatto oilaning taqdiriga daxl qilishi mumkin.

Zero, yong‘indan ogohlik — xavfsiz hayot garovi. “Yong‘in xavfsizligi oyligi”da faol ishtirok etish, qoidalarga amal qilish nafaqat o‘z uyingizni, balki atrofdagilarning hayotini himoya qilish demakdir.

X.Zoirova,

viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi katta o‘qituvchisi.