Yong‘in va is gazi beparvolarni jazolaydi
“Faoliyatimiz davomida gaz ballonini qizib turgan pech yoki tandirdan chiqqan cho‘g‘ ustiga qo‘yib, ichidagi kondensatni qizdirayotgan fuqarolarni ko‘rdik. 16 atmosfera bosimi bor gaz ballonining og‘zini texnik yo‘l bilan kattartirishga uringanlar ham bo‘lgan. Bularning hech biri yaxshilik bilan tugamagan...”.
Bu viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorovning so‘zlari. “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu kabi holatlarning oldini olish, fuqarolarning xabardorligi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan va qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar haqida fikr yuritildi.
Kunlar sovub, aholining xonadonini isitishga ehtiyoji ortmoqda. Biroq jarayonda ko‘pincha yong‘in va boshqa xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasligi turli baxtsiz hodisalarga sabab bo‘layotgani ham ayni haqiqat. Shu maqsadda har yili qish mavsumi boshida respublikamizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” tadbiri o‘tkaziladi. Joriy yil ham 15 noyabrdan 15 dekabrga qadar shu nomdagi profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Viloyatimiz misolida gapiradigan bo‘lsak, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan yuqorida tilga olingan hodisalarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar allaqachon boshlab yuborilgan. Xususan, viloyatda o‘tgan vaqtda sodir bo‘lgan yong‘inlarning tahlilidan kelib chiqib, xavf yuqori bo‘lgan mahallalarda o‘rganish ishlari o‘tkazilgan. Korxona-tashkilot, xonadonlarda yong‘in xavfsizligi holati tekshirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar qilinmoqda.
— Profilaktikada fuqarolarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi Umid Ahrorov. – Lekin bu faqat Favqulodda vaziyatlar vazirligining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Boshqa tashkilotlar, xususan, mahalla, ta’lim muassasalari, jamoatchilik bilan ishlaydigan idoralar va ayniqsa, ommaviy axborot vositalari jarayonga hissa qo‘shishi lozim. Shundagina yaxshi natijaga erishamiz.
Ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil kuz-qish mavsumida 124 ta, 2023 yilda esa 107 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Joriy yil ko‘rsatkichni yanada kamaytirish rejalashtirilmoqda. Albatta, bu faqat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga bog‘liq masala emas.
Asqar BAROTOV.