9 oyda iste’molchilar foydasiga 5,6 milliard so‘m undirilgan

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Salohiddinovning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, boshqarmaga yilning 9 oyida 1500 ta murojaat kelib tushgan.

Ularning 550 dan ortig‘i kommunal soha, 195 ta aloqa va transport, 512 ta bozorlar va do‘konlardagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari, 27 ta dorixonalardagi dori narxlari, 48 ta raqobat masalasida, 165 ta boshqa masalalarda murojaatlar bo‘lgan. Yuqoridagi murojaatlarni o‘rganish natijasida iste’molchilardan jami 5,6 milliard so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ olingani aniqlanib, iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Murojaatlar yuqoridagi raqamdan ancha katta bo‘lishi aniq edi. Chunki har qadamda iste’molchining haq-huquqi buzilgani ko‘ramiz, eshitamiz. Faqat ular qayerga va qanday murojaat qilishni yoki bog‘lanishni aniq bilmagan bo‘lishi mumkin. Shu bois boshqarmaning 1159 qisqa raqamiga yoki (66) 233-31-33 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish va buzilgan huquqini tiklashda yordam so‘rab murojaat qilish mumkin.