A’zoligi yo‘qlarga ham yordam beriladi
Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda kengash raisi Suhrob Rafiqov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda kasaba uyushmalarining mavqeini oshirish, faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Natijada jamoat tashkiloti nafaqat o‘z a’zolari, balki a’zoligi yo‘q fuqarolarga ham ko‘mak beruvchi, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qiluvchi tashkilotga aylandi.
Sohada yangiliklar ko‘p. Xususan, kasaba uyushmalari tashabbusi bilan jamoat shartnomalariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi kiritilib, o‘tgan davrda viloyatdan 19 ming 590 nafar ishchi-xizmatchi va ularning oila a’zolari sayohati tashkil etildi. Shundan 13 ming 939 nafari o‘z hududidagi diqqatga sazovor joylarda, 5 ming 651 nafari tarixiy shaharlarda bo‘ldi. 3 ming 505 nafar ishchi-xodimning konsert dasturlariga, 10 ming 789 nafarining teatr tomoshalariga, 1201 nafarining muzeylarga borishi tashkil etildi.
Joriy yilning o‘tgan vaqtida 4 ming 780 nafar fuqaro kasaba uyushma tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgan bo‘lsa, shundan 217 nafari mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchilar, chernobilchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari hisoblanadi.
Matbuot anjumani yakunida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi o‘rtasida sohani yanada keng yoritish maqsadida kelishuv memorandumi imzolanishi taklifi bildirildi. Kelgusida taklifni amalga oshirishga kelishib olindi. Unda ommaviy axborot vositalari hamda kasaba uyushmasi xodimlari ishtirokida turli tanlovlar, madaniy va sport tadbirlari tashkil etilishi belgilandi.