Xonadondagi maishiy gaz ballonining portlashi natijasida ikki yosh bola kuyish jarohatini oldi
Joriy yilning 18 iyul kuni Namangan viloyati Chortoq tumani “Bog‘iston” MFY O‘zbekiston ko‘chasi 5-uyda gaz va havo aralashmasining chaqnashidan yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabar qilmoqda.
Yong‘inga 3 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmasi jalb etilgan. Voqea joyiga yetib borgan yong‘in o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in bartaraf etilgan va uyning 120 kv.metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida uyning 60 kv.metr maydonda tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan.
Hodisaning kelib chiqish sababi yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilganda uydagi maishiy gaz ballonidan foydalanish qoidalarining buzilishidan gaz va havo aralashmasining chaqnashi yuzaga kelgani va natijada uy egasining 2005 va 2008 yillarda tug‘ilgan farzandlari kuyish tan jarohati olib, shifoxonaga olib ketilganligi ma’lum bo‘lgan. Bolalarning ahvoli qoniqarli.