Toyloq “elektroset” xodimi tashkilotda yong‘in xavfsizligi talablari bajarilmagani uchun sudda javob berdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudining tuman IIBda bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida shu masala muhokama qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari joriy yil 20-21 oktyabr kunlari Toyloq tumani elektr ta’minoti korxonasida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda qator kamchilik aniqlagan.

Xususan, korxonada yong‘inga qarshi rezervuarlar, sig‘imlarni zarur suv sathi, suv olish vositalari mavjudligi va ularning sozligi, qiyaliklar, yong‘in-qutqaruv mashinalari, shamollatish moslamalari va boshqa jihozlarni o‘rnatish uchun kirish yo‘llari va maydonlar mavjudligi, suv havzasini (rezervuarni) atrof muhitning salbiy haroratida ishlatilishi ta’minlanmagan.

Ya’ni, ushbu choralar ko‘rilmasdan, yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgan.

Bu holat elektr ta’minoti korxonasi ombor mudirining e’tiborsizligi oqibatida sodir bo‘lgan, deb topilgan. Chunki korxonaning ichki farmoyishiga asosan unga yong‘in xavfsizligi bo‘yicha javobgarlik yuklatilgan.

Sudda u “sodir qilgan qilmishidan pushaymonligini, kelgusida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishini, oilasida yagona boquvchiligi, qaramog‘ida 2 nafar farzandi borligini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan”.

Sud ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb hisoblab, javobgarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida - 135 ming so‘m jarima jazosi tayinlagan.


P/s: Savol tug‘iladi, o‘zi birorta tuman “elektroset”ida yong‘in xavfsizligi qoidalari ta’minlanganmikan?

Bundan tashqari, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilishga bir ombor mudirining imkoniyati, salohiyati yetadimi?