«Fuqarolik tashabbusi» mukofoti: Nodavlat notijorat tashkilotlar faollari taqdirlandi

1–5 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Fuqarolik jamiyati haftaligi» mamlakatimizda fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlash, aholi faolligini oshirish va davlat-jamiyat muloqotini mustahkamlashda muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Unda davlat idoralari, milliy parlamentimiz a’zolari, NNTlar, xalqaro ekspertlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, haftalik doirasida jamiyatning dolzarb masalalari muhokama qilindi, «2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiya» ijrosi ko‘rib chiqildi, «2030 yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi» loyihasi bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.

Asosiy voqealaridan biri «Fuqarolik tashabbusi» milliy mukofoti va «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘ldi. Mazkur milliy mukofot bu yil ilk bor o‘tkazilib, unga 350 dan ortiq nomzodlar hujjat taqdim etdi. So‘nggi ikki yilda faollik va tashabbus ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha – fuqarolar huquqlari, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ekologiya, ijtimoiy himoya va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha taqdirlandi. Bu jarayon NNTlar va fuqarolik faollarining sa’y-harakatlari e’tibordan chetda qolmayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati sohasida ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilgan respublika va xorijiy tashkilotlar vakillariga «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni topshirildi. Milliy qomusimiz qabul qilingan kuni arafasida 26 nafar faolning ushbu mukofotga munosib ko‘rilgani ularning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yanada yuksakroq e’tirof etdi.

Taqdirlanganlar orasida viloyatimizdan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi viloyat bo‘limi raisi Sayyora Salimova ham bor.

- Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganim yuksak e’tirof, - deydi S.Salimova. - Ilgari NNTlarga bunday katta imkoniyatlar bo‘lmagan, hozir esa faoliyatimiz uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Biz bundan juda minnatdormiz va kelgusida yana ham yirik loyihalar bilan xalqimizga sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz.