NNTlar nega soliqqa hisobot topshirishi kerak?

Axir ular daromad qilmaydi-ku!

Qolaversa, o‘z vaqtida topshirilmagan hisobot tufayli ularni jarimaga tortish nechog‘lik to‘g‘ri? 2017 yilda yopilib ketgan nodavlat tashkilotining sobiq rahbariga ham hisobot topshirmagani uchun jarima kelib tursa, bu qanday gap? Nodavlat notijorat tashkilotlari grantlar hisobiga ezgulik  qilayotgan bir paytda, hisobi nol bo‘lib turgan holatdayam ular qo‘shimcha qiymat solig‘iga tortilishi qanchalik haqiqatga yaqin?

Viloyat adliya boshqarmasida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa instituti vakillari bilan viloyat hokimligi,  adliya, soliq va boshqa hamkor idoralar mas’ullari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda shu kabi qator savollar o‘rtaga tashlandi. Mutasaddilar ularning aksariyatiga atroflicha javob berdi, ba’zi takliflar e’tiborga olindi.

-Keyingi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yaratildi. Jumladan, ushbu yo‘nalishda 20 dan ziyod qonun hamda huquqiy hujjatlar qabul qilindi, - dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Bahodir Qodirov o‘z chiqishida. - Aytib o‘tish kerakki, ayni paytda tadbirkorlik va fermerlik yo‘nalishida 37, sport yo‘nalishida 148, nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 73, yoshlar yo‘nalishida 51, huquqiy-demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida 74, madaniyat, tarix va ma’rifat yo‘nalishida 53 NNT faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan keyingi to‘rt yilda 9 milliard 400 million so‘m ajratildi.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovlariga ta’lim, tibbiyot, qurilish hamda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, turizm va sport, millatlararo munosabatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish, madaniyat, OAV va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mingdan ortiq loyiha kelib tushdi. Tanlovlar yakuniga ko‘ra, 2021-2024 yillar davomida 85 davlat ijtimoiy loyihalar 5 milliard so‘mga moliyalashtirildi.

Qabul qilingan qonun hujjatlari natijasida NNTlar jamiyat qurilishida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lib bormoqda, ularning soni yil sayin o‘sib borishi kuzatilmoqda.

Jumladan, 2024 yil 1 dekabr holatiga Samarqand viloyat adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tgan NNT va ularning alohida bo‘linmalari soni 818 tani tashkil qilib, shundan 658 tasida Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan bosh NNTsi mavjud tashkilotlar hamda 160 tasi mustaqil NNTlarni tashkil etadi.

“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida o‘tkazilgan anjuman davomida viloyatda faoliyat yuritayotgan bir qator NNT vakillari tomonidan faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar, ayniqsa, soliq, ushbu idoraga topshirilayotgan hisobotlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.