Ijtimoiy xizmat qachon, qanday rivojlanadi?
Bugun ijtimoiy xizmat sohasi zamonaviy fuqarolik jamiyatining o‘ziga xos institutiga aylandi. Ijtimoiy davlat sifatida yurtimizda ham ayni yo‘nalishga e’tibor ortib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yangi tizim yaratildi. Xo‘sh, bu tizimda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni qanday? Ular davlat bilan qanday hamkorlik qiladi?
Ma’lumotga ko‘ra, shu kunlarda viloyatimizda 818 ta nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritadi. Shundan 240 tasi hisob ro‘yxati va 578 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ularning 311 tasi diniy tashkilot ekanligini hisobga olsak, qolgan 507 tasi u yoki bu turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Ammo sohada davlat ishtirokining ortishi barobarida vazifalar takrorlanib, umumiy samaradorlik pasaymaydimi, degan fikr ham mavjud.
Samarqand shahar Ko‘ksaroy mahallasida “SOS Bolalar mahallalari” nodavlat notijorat tashkilotining Ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmati markazi ochilishida ayni savolni tashkilotning viloyat filiali direktori Dilrabo Davronovaga bergan edik. Ma’lumot uchun: markaz ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki shunday xavf ostidagi, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar, ko‘p bolali oilalarning farzandlari bilan ishlaydi. Samarqand shahrining o‘zida filialning beshta shunday markazi bor. Shunda mutaxassis ijtimoiy xizmat keng tushuncha ekanligi, mazkur jarayonda yordam “qo‘li” qancha ko‘p bo‘lsa, samaradorlik ham shuncha yaxshi bo‘lishini aytgandi. Tashkilot “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda mahallalar bilan hamkorlikda ishlab, joylarda muhtojlarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam berib kelmoqda.
— Ijtimoiy xizmatlar sohasida olib borilayotgan islohotlar bizning faoliyatimizga ham ijobiy ta’sir qilmoqda, - deydi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Samarqand mintaqaviy filiali direktori Otabek Qosimov. – Misol uchun, oldin imkoniyati cheklangan bolalarni topish va komissiya ko‘rigiga jalb qilish uchun mahalla, maktab va tibbiyot muassasalariga xat bilan chiqib, ovora bo‘lar edik. Hozir Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi bilan ijtimoiy sheriklik asosida ishlayapmiz. Ular nuqsoni bor bolalarni bizga yo‘naltiradi, biz esa o‘z navbatida ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanamiz. Aytish mumkinki, bugun viloyatimizda 19 mingga yaqin imkoniyati cheklangan bolalar bor. Markazimiz esa bir yilda o‘rtacha ming nafar bolani qabul qilishi mumkin. Ya’ni, bu yo‘nalishda hali ham imkoniyatlarimiz yetarli emas.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunda ijtimoiy sheriklik davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan, tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligi, deya ko‘rsatilgan. U nafaqat ijtimoiy xizmatlar sohasida, balki aholining bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni rivojlantirish, atrof-muhitni, aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, har tomonlama barkamol va sog‘lom yosh avlodni shakllantirish, yoshlarga bilim berish, onalik va bolalikni, shuningdek xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish singari muhim yo‘nalishlarda ham amalga oshiriladi.
Aytish joizki, sohada fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini oshirish, ularning bu boradagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi qonunchilik doirasida ham mustahkamlanib bormoqda. Prezidentning joriy yil 24 avgustdagi farmoni bilan esa Oliy Majlis, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda mahalliy kengashlar huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlar qo‘shib yuborilib, ularning negizida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Hujjat bilan ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish belgilangan.
Shuningdek, unga ko‘ra, 2024 yilning 1 oktyabridan 2027 yilning 1 -oktyabriga qadar Fond mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida to‘lanadigan loyihaga mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida jalb qilingan mutaxassislarning mehnatga haq to‘lash tarzida olgan daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan mehnatga haq to‘lashga doir xarajatlari bo‘yicha to‘lanadigan ijtimoiy soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytirildi. 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdori ikki baravarga kamaytirilgan holda undiriladi.
Asqar BAROTOV.