Bugun jamiyatda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni qanday?

27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni munosabati bilan xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha komissiya a’zolari hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilot vakillari ishtirokida noan’anaviy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchi tashkilot vakillari sohada o‘zlari duch kelayotgan muammolar, yangiliklar hamda tajribalari bilan bir piyola choy ustida suhbat qurdilar.

- Nodavlat notijorat tashkilotlari mashvarati ishtirokchilarning rasmiyatchilikdan xoli bo‘lgan, davra qurib, suhbatlashish, fikrlashishdan iborat, - deydi «Imkon» fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson taraqqiyoti markazi rahbari Foteh Rahmatov. – Xuddi shunday suhbatlar keyinchalik davlat idoralari vakillari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu munozaralar mazkur tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi, deb o‘ylayman.

Aytish kerakki, keyingi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatini olib borishda nafaqat respublikada, balki viloyatda o‘tkazilayotgan grant tanlovlarida ham ishtirok etib, qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ldilar. NNTlar faoliyatiga oid bo‘lgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va huquqiy xulosalar berish maqsadida O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi qoshida tajribali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi tashkil etilgan. Ular NNTlar bilan bevosita ishlab, ularning tashabbuslarini amalga oshirishga yordam beradi.

NNTlar mashvaratida qaysidir tashkilot yaqin mamlakatlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yganini aytsa, yana biri yirik loyihani amalga oshirishda ko‘mak so‘radi, pensionerlar uchun qonun loyihasi taklif etgan tashkilot bu masalada aniq takliflarini bildirdi.

Anjuman davomida tadbir ishtirokchilari uchun Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga ziyorat ham tashkil etildi.