Samarqanddagi 4 ta NNTga 60 million so‘mdan grant mablag‘i ajratildi
Viloyat Matbuot uyida “NNTlar o‘z loyihalari bilan grant tanlovlarida ishtirokini yanada kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda so‘z olgan xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi rahbari F.Toshev keyingi paytda ko‘plab grant tanlovlari o‘tkazilayotganini alohida ta’kidladi. Bu orqali muhim bo‘lgan loyihalar yuzaga kelayotgani, bu albatta xalqimiz manfaatiga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy maqomi, mavqei, roli va ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinganligi hamda ularning soni yil sayin oshib borayotganining o‘zi yurtimizda NNTlar sohasiga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikning namunasi ekani e’tirof etildi. Eng muhimi, aholi orasida NNTlarning faolligi oshayotgani va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy ishlar natijasida bir qancha muammoli masalalar hal etilishi barobarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilayotgani haqida ham so‘z yuritildi.
Tadbir davomida “Inson huquqi va erkinliklariga amal qilish har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash, huquq va manfatlarini ta’minlash, ma’naviy-ahloqiy bilimlarni oshirish, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish” mavzusida ikkinchi davlat grantini ajratish uchun tanlov e’lon qilinganligi hamda jamoat komissiyasining xulosasiga ko‘ra 4 ta NNT va jamaot tashkiloti g‘olib bo‘lganligi aytib o‘tildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi, Zarnews.uz veb-sayti, “Samarqand yoshlari” gazetasi tahririyati hamda Payariq tumani Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘iniga tanlov mazmuni asosida ishlab chiqqan loyihalari uchun 60 million so‘mdan grant ajratildi va ularga sertifikat topshirildi.
Husan ELTOYeV.