Inklyuziv ta’limning muammo va yechimlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Samarqand shahridagi 13-umumta’lim maktabida “Inklyuziv ta’lim: muammolar va yechimlar” mavzusida viloyat seminari tashkil etildi.
Tadbirda shahar va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi shahar va tuman bo‘limlari rahbarlari hamda sohaga mas’ul tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Seminarni viloyat hokimi o‘rinbosari X.To‘xtayev ochib, mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida viloyatda inklyuziv ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Samarqand shahridagi 13-umumta’lim maktabida inklyuziv ta’limni tashkil etish bo‘yicha to‘plangan tajriba va amalga oshirilgan ishlar taqdim etildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi R.Yo‘ldoshev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Luqmonov hamda Ijtimoiy inspeksiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Melikovlar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim muassasalarida shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berishdi.
Ta’kidlanishicha, bugun viloyatdagi 216 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 324 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchi 218 ta inklyuziv sinflarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu esa inklyuziv ta’limni kengaytirish, bolalar ijtimoiylashuvini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasi hisoblanadi.
Seminar doirasida umumta’lim maktablarini to‘siqsiz muhit talablari asosida jihozlash va moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham muhokama qilindi. Xususan, ta’lim muassasalarida panduslar, maxsus sanitariya xonalari, taktil yo‘laklar hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun qulay infratuzilmani yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar inklyuziv ta’lim sinflarida ta’lim oluvchilar uchun shart-sharoit yaratish yuzasidan fikr va takliflarini bildirdilar.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.