Deputatlar maktabda inklyuziv ta’lim va amaliy loyihalar bilan tanishdi
O‘zLiDeP viloyat Kengashi vakillari hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nargiza Abdullayeva o‘z saylov okrugida joylashgan 60-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida mehnat va ta’lim jarayoni bilan tanishdi.
Mazkur muassasada hozirda 268 nafar o‘quvchi ta’lim olib, ulardan 95 nafari qiz bolalardan iborat. Maktabda 2025 yilda inklyuziv ta’lim yo‘nalishida qator islohotlar amalga oshirilgan va joriy yilda 9 nafar o‘quvchi inklyuziv maktablarga integratsiya qilingan. Shuningdek, 2024–2025 o‘quv yili natijalariga ko‘ra, 12 nafar bitiruvchidan 6 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan, qolgan 6 nafari ish bilan ta’minlangan. Ikki nafar o‘quvchi ingliz tilidan CEFR sertifikatiga ega bo‘lgan.

Sport sohasida ham maktab yutuqlarga erishmoqda. Masalan, 10-sinf o‘quvchisi Rushana Jalolova “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning Respublika bosqichida yengil atletika bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, ikki karra O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
Bundan tashqari, maktabda amaliy mehnat va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan “Poyabzal ishlab chiqarish” loyihasi doirasida 15 nafar o‘quvchi faol ishtirok etmoqda. Bu loyiha yoshlar uchun ijodiy fikrlash va amaliy tajribaga ega bo‘lishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari S.Baturova deputat Nargiza Abdullayevaga ta’lim jarayoni va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha bir qator takliflarni taqdim qildi. Deputat takliflarni atroflicha o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Shuningdek, deputat tashabbusi bilan maktab o‘quvchilari uchun maxsus chuqurlashtirilgan ko‘rik (diagnostik baholash) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu tashabbus o‘quvchilarning imkoniyatlarini aniq baholash, individual rivojlanish rejalarini shakllantirish hamda ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.