Poytaxtdan kelgan deputat qishloqdagi yosh tadbirkor korxonasiga bordi, hududdagi nogironligi bor shaxsga ko‘mak berdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasurbek Shodiyev Paxtachi tumanida bo‘lib, bir qator ijtimoiy soha ob’yektlari, tadbirkorlik sub’yektlari, “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi.

Deputat dastlab tumandagi Taraqqiyot mahallasida mahalla yettiligi faoliyatini o‘rganib, faollar, nuroniylar, aholi vakillari bilan suhbatlashdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Navbatdagi manzil — Qurbon Rajabov nomli oilaviy shifokorlik punkti bo‘ldi. Xalq vakili tibbiyot muassasasida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, fuqarolar bilan muloqot qildi, ularning murojaatlarini, takliflarini tingladi.
Muloqotlar chog‘ida saylovchilar qonun ijodkorligiga oid yangiliklar, bir qator qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yaqinda kuchga kirgan qonunlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida deputat "Kamalak" nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar, qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Bog‘cha mudiralari bilan suhbatlashib, ta’lim sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berdi.

J.Shodiyev mazkur mahallada yashovchi yosh tadbirkor Behruz Jamolovning faoliyati bilan ham tanishdi. Fuqaro 33 million so‘m kredit olib, bir ming besh yuzta tovuq boqib, har 40 kunda 12 mln so‘mgacha sof daromad qilyapti. Suhbat jarayonida tadbirkor yurtimizda biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotganini alohida qayd etdi. Ayniqsa, Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar, berilgan imtiyoz va imkoniyatlar soha vakillariga g‘ayrat-shijoat bag‘ishlashini ta’kidladi.

Mazkur uchrashuvlar davomida xalq vakili mahalladagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj II guruh nogironi Bobosher Normurodovning yashash sharoitini o‘rgandi. Fuqaro deputatga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va nogironlik aravachasi uchun minnatdorlik bildirdi.