Oshirilgan soliqlar, tugatilgan imtiyozlar

Bu yil soliq ma’murchiligida nimalar o‘zgardi?

Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar ham shular jumlasidan. Quyida ularning asosiylari bilan tanishishingiz mumkin.

Jumladan, Soliq kodeksining 17-moddasida ko‘rsatilgan yig‘imlarning turlariga yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalari va tirkamalarning avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanish huquqi uchun yig‘im kiritildi.

Unga ko‘ra, 2024 yilda mazkur turdagi transport vositalari uchun yig‘imlar stavkalari quyidagicha:

- yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan 25 tonnagacha bo‘lgan N2, N3 toifasidagi avtotransport vositalari va O4 toifasidagi tirkamalar uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari, ya’ni 1700 ming so‘m;

- yuk ko‘tarish quvvati 25 tonnadan 35 tonnagacha bo‘lgan N2, N3 toifasidagi avtotransport vositalari va O4 toifasidagi tirkamalar uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobari, ya’ni 2720 ming;

- yuk ko‘tarish quvvati 35 tonna va undan yuqori bo‘lgan N2, N3 toifasidagi avtotransport vositalari va O4 toifasidagi tirkamalar uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, ya’ni 3400 ming so‘m qilib belgilandi.

Soliq kodeksining 22-, 84-, 88-, 104-, 105-, 194-, 195-, 217-, 359-moddalarida nazarda tutilgan holatlar bo‘yicha saqlash, da’vo qilish va ariza berish muddatlari besh yildan uch yilga qisqartirildi.

Soliq kodeksining 100-moddasida kameral soliq tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan soliqlar summalarini soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi.

Kodeksning 138-moddasi quyidagi tahrirda ikkinchi qism bilan to‘ldirildi:

Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati harakatlarini o‘tkazish ta’qiqlanadi (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno):

1) soliq to‘lovchining hududiga kirish;

2) soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish;

3) soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;

4) soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish.

Mazkur moddaning o‘n birinchi va o‘n ikkinchi qismlaridan “Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq to‘lovchidan hisobga olish hujjatlarini, taqdim etilgan soliq hisobotiga va hisobga olish hujjatlariga doir tushuntirishlarni, shuningdek, soliq hamda yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotni so‘rab olishi mumkin” hamda “So‘ralgan hujjatlar va tushuntirishlar soliq organiga tegishli so‘rov olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etilishi kerak”, degan qismlar chiqarib tashlandi.

Soliq kodeksining 237-moddasiga muvofiq, chet davlatlarida tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini O‘zbekistonda amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar ham qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘ldi.

Kodeksning 243-moddasidan 11-,12-,13-bandlar, ya’ni tibbiy xizmatlar, veterinariya xizmatlari va dori vositalarini sotish bo‘yicha aylanmalar chiqarib tashlandi. Bunda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarga QQS summasi “keshbek” sifatida qaytarish mexanizmi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan import qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatidan dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar, shuningdek, ularni ishlab chiqarish uchun qonunchilikda belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan xomashyolar chiqarib tashlandi.

2024 yil 1 yanvardan tamaki mahsulotlari aksiz solig‘i stavkasi 12 foizga, etil spirti ishlab chiqarish aksiz solig‘i stavkasi 2 barobarga oshirildi.

2024 yil 1 apreldan esa neft mahsulotlari va boshqa aksiz to‘lanadigan tovarlar va xizmatlarga doir soliq stavkalari o‘rtacha 12 foizga indeksatsiya qilinishi belgilangan. Shuningdek, mazkur sanadan boshlab tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi va xushbo‘ylashtiruvchi qo‘shimchalari bo‘lgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda.

Suv resurslaridan foydalanganlik uchun suv solig‘i stavkalari o‘rtacha 30 foizga indeksatsiya qilindi. Bunda eng ko‘p soliq alkogolsiz ichimliklarni hamda pivo va vinodan tashqari, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmi uchun (1 kub metrga 34160 so‘m) va avtotransport vositalarini yuvish uchun ishlatilgan suv uchun (1 kub metrga 2700 so‘m) belgilangan.

Vazirlar Mag‘kamasining tegishli qaroriga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, qo‘shimcha daromad olayotgan byudjet tashkilotlari 2027 yil 1 yanvargacha davlat byudjetiga undiriladigan soliqlar, respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod qilindi. Mazkur imtiyoz 2024 yilning 1 yanvariga qadar edi.

Maktab va maktabgacha ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2030 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz miqdorida belgilandi.

***

O‘zini o‘zi band qilganlar

Soliq kodeksining 369-moddasi to‘ldirildi. Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida yuz million so‘mdan oshgan kundan e’tiboran tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliqqa tortiladi. Mazkur o‘zgartirish yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq solishda teng sharoitlar yaratish maqsadida kiritilganligi aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 yanvar holatiga viloyatimizda o‘zini o‘zi band qilganlar 339 ming nafardan ortdi. Hududlar kesimida o‘zini o‘zi band qilgan soni bo‘yicha Samarqand shahri birinchi o‘rinda (43 ming nafarga yaqin). Undan keyin Urgut (28 ming nafardan ziyod) va Past Darg‘om tumanlari (27 ming nafarga yaqin) turibdi. Yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p aholi band bo‘lgan soha (48 ming nafarga yaqin) maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati hisoblanadi. Shuningdek, parda tikish, kashtachilik (32 ming nafar), buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish (30 ming nafarga yaqin), tomorqada yer chopish (27 ming nafarga yaqin) xizmatlarini ko‘rsatuvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

2023 yilda o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan 4 milliardga yaqin ijtimoiy soliq to‘langan.

Asqar BAROTOV tayyorladi.