Buyuk Britaniya hukumati soliqlarni keskin qisqartirishni ko‘rib chiqmoqda
Mamlakat hukumati iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur doirasida soliqlarni keskin qisqartirish va biznes uchun investitsiya imtiyozlarini joriy etishga tayyor, deb yozadi CNBC.
Yangi hukumat tarkibidagi moliya vaziri Kvasi Kvarteng parlamentning quyi palatasida so‘zlagan nutqida mamlakatga “yangi davr uchun taraqqiyotga yo‘naltirilgan yangi yondashuv” zarurligini bildirdi. Hukumat yalpi ichki mahsulotning yiliga 2,5 foiz barqaror o‘sishini ta’minlashni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, u yuqori miqdordagi soliqlar mehnatga rag‘batni kamaytirib, investitsiya va tadbirkorlikka to‘siq bo‘lishini aytib o‘tgan.
Taklif etilayotgan yangi chora-tadbirlar qatorida yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini rejalashtirilgan 19 foizdan 25 foizga oshirishdan voz kechish, sug‘urta mukofotlari stavkasini 1,25 foiz punktga oshirishni bekor qilish taklifi ham joy olgan.
Bundan tashqari, rasmiylar butun mamlakat bo‘ylab rezidentlariga soliq stavkalari pasaytirilgan va tartibga soluvchi imtiyozlar qo‘llaniladigan "investitsiya zonalari" tarmog‘ini yaratish niyatida.