Britaniyalik investorlar O‘zbekistonning telekommunikatsiya sohasiga sarmoya kiritmoqchi
O‘zbekiston elchixonasida Britaniyaning "Stephen Simeon Limited" kompaniyasi direktori Biyi Oloko bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Biyi Oloko O‘zbekistonga so‘nggi yillar ichida bir necha bor tashrif buyurganini bildirdi hamda ayni paytda respublikada telekommunikatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar va investitsion muhitning barqarorligi unda loyihalarni amalga oshirish istagini uyg‘otganini ma’lum qildi.
Biyi Oloko mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan "Uztelekom" tasarrufidagi mobil aloqa minoralarini xususiylashtirish hisobiga aloqa bozorida yangi tijorat tizimini yaratish istagida hamda bu loyihaga 10 million dollar sarmoya kiritishga tayyor.
Muzokaralar yakunida Britaniya tomoni 18-20 mart kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan "Offshore Outsourcing Tour" tadbiriga hamda 2 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga qatnashish istagini bildirdi.
"Stephen Simeon" konsalting-texnologik kompaniyasi 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, "Thames Valley Park" yuqori texnologiyalar parki hududida joylashgan. Ushbu park hududida yirik kompaniyalardan tortib startaplargacha bo‘lgan 8 mingdan ortiq texnologiya qarorgohlari mavjud. Asosiy faoliyati – telekommunikatsiya, IT biznes yechimlari va xizmatlari, biznesni transformatsiya qilish va korporativ boshqaruv. Afrika va Yevropa davlatlari, AQSh va Britaniyada loyihalar amalga oshirib kelmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.