Buyuk Britaniyada samarqandlik talabalar uchun agrar sohada stajirovkalar tashkil etiladi

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Britaniyaning "Aston Fruit Farm" fermasi rahbari Charlz Lyuton va "Hops Labour Solutions" mehnat tashkiloti ijrochi direktori Djimmi Devis bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida Britaniya tomonga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilarini xorijiy davlatlarga stajirovka o‘tash hamda malaka oshirish uchun yuborish bo‘yicha pirovard maqsadlar va kutilayotgan natijalar haqida axborot berildi.

Britaniya tomoni "Aston Fruit Farm" fermasida o‘zbekistonlik talabalar uchun stajirovka o‘tashga sharoit borligini hamda Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti vakillari uchun stajirovkalarni tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Mazkur o‘quv kurslari natijasida o‘zbekistonlik talabalar agrar sohada o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish va kelgusida amaliyotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.