Jonson saylovda qatnashish uchun zarur bo‘lgan 100 dan ortiq deputatning qo‘llab-quvvatlashini qo‘lga kiritdi
Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson bosh vazirlikka bo‘ladigan saylovda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar bergandik. Bu taxmin to‘g‘ri chiqdi.
Jonson saylov uchun zarur bo‘lgan 100 dan ortiq konservativ deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, endi u Konservativlar partiyasi yetakchisi lavozimi uchun kurash olib borishi va yana bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib Sky News xabar bermoqda.
Jonson shanba kuni Dominikan Respublikasidagi ta’tildan oilasi bilan qaytdi. Bir kun oldin, Liz Trass iste’foga chiqqanidan so‘ng, u yana rahbarlik lavozimi uchun raqobatlashishi mumkinligi haqida ma’lum bo‘ldi.
Sobiq moliya vaziri Rishi Sunak ham allaqachon 100 nafar konservator tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Sky News nashri, shuningdek, Britaniya bosh vaziri va konservatorlar yetakchisi lavozimiga kim to‘g‘ri kelishi haqida YouGov so‘rovini chop etdi. Respondentlarning qariyb 43 foizi Sunak bu lavozimda yaxshi ishlay olishini aytgan. Jonsonga kelsak, 34 foiz respondent u o‘z lavozimida yaxshi ishlashini bildirgan va 56 foiz Boris Jonson yomon ishlaydi, deb hisoblaydi.