Issiq harorat 40 darajadan oshganda ekin va chorvani qanday asrash kerak?
Shu kunlarda yurtimizda havo harorati +40°C va undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bunday jazirama ekinlar, chorva mollari va parrandalar uchun ham jiddiy sinov hisoblanadi.
Hosil yo‘qotilishi va nobudgarchilikning oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhim.
Ekinlar uchun
Avvalo, dala ishlarini erta tongda yoki kechqurun bajaring. Bosh kiyim kiying, yengil va och rangli kiyimlar tanlang. Tez-tez suv iching va kunning eng issiq soatlarida dam olishga harakat qiling.
Ekinlarni erta tongda yoki kechqurun sug‘oring. Eng maqbul vaqt — quyosh chiqishidan oldingi soatlar. Kunning eng issiq paytida sug‘orish suvning tez bug‘lanishi va o‘simlikning harorat stressiga uchrashiga sabab bo‘ladi.
Imkon bo‘lsa, tomchilab sug‘orish usulidan foydalaning. Suvni barglarga emas, ildiz qismiga yetkazish samaraliroq.
Tuproqni somon, kompost yoki boshqa organik materiallar bilan mulchalash namlikni saqlaydi va ildizni qizib ketishdan himoya qiladi.
Jazirama kunlarda daraxt va o‘simliklarni kesish, ortiqcha barglarini olib tashlash hamda yuqori me’yorda o‘g‘it berish tavsiya etilmaydi.
Kimyoviy vositalarni kunning issiq paytida sepish barg va mevalarning kuyishiga olib kelishi mumkin.
Chorva mollari uchun
Chorva mollarini soya-salqin joyda saqlang. Soat 11:00 dan 17:00 gacha ochiq maydonda qoldirmaslik kerak.
Molxonada havo yaxshi aylanishi, doimo toza va salqin ichimlik suvi bo‘lishi shart.
Jaziramada mollar ko‘proq suv iste’mol qiladi. Shuning uchun suv idishlarini tez-tez tekshirib, ifloslanishi yoki qizib ketishiga yo‘l qo‘ymang.
Zarurat bo‘lsa, erta tongda yoki issiq kuchayishidan oldin mollarni salqin suv bilan yuvish mumkin. Biroq muzdek suvdan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Ozuqani ertalab va kechqurungi salqin vaqtlarda berish maqsadga muvofiq.
Parrandalar uchun
Tovuqxonada havo almashinuvini yaxshilang, eshik va derazalarni oching, zarur bo‘lsa ventilyatordan foydalaning. Havo oqimini to‘g‘ridan-to‘g‘ri parrandalarga qaratmang.
Parrandalarni kataklarda zich saqlashdan saqlaning. Ular uchun doimo toza va salqin suv tayyor bo‘lsin. Suv idishlarini soyada saqlab, kun davomida bir necha marta yangilab turing.
Agar tovuqlar qanotlarini yoyib, og‘zini ochgan holda tez-tez nafas olayotgan bo‘lsa, bu issiq stressining belgisi. Bunday holda ularni zudlik bilan salqin joyga ko‘chirish lozim.
Esda tuting!
Jazirama kunlarda to‘g‘ri parvarish ekinlar hosildorligi, chorva va parrandalar mahsuldorligi hamda inson salomatligini saqlashning eng muhim omillaridan biridir.