Bizdan yana Beruniy chiqadimi?

Tabiiyki, O‘zbekistondagi har bitta oila o‘z farzandidan ana shuni umid qiladi. Chunki Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish uchun davlatimiz rahbari boshchiligida boshlangan harakat mohiyati kundan-kunga oydinlashib bormoqda. O‘quvchilarimizning xalqaro olimpiadalardagi yutuqlari ko‘nglimizga qanot bog‘layapti.

Lekin bu ish oson emas. Abu Rayhon Beruniy o‘z davrining yetuk olimi bo‘lgan, faqat ishtiyoqi, hafsalasi, mehnat va mashaqqati, sabr va qanoati tufayli allomalik darajasiga erishgan. Uning bu hayot yo‘lini bilmasdan turib, Beruniyga o‘xshashni orzu qilmasa ham bo‘ladi.

Xo‘sh, bu donishmand insonga o‘xshash uchun nimalar qilmoq kerak? Yoshlarimiz bu zakovat egasining qaysi xislatlarini va qanday qilib o‘zlashtirishlari lozim?

Kamina alloma asarlarini o‘qib-o‘rganish jarayonida ana shu savollarga javob topish va bu javoblardan yoshlarimizni xabardor etishga jazm ayladim.

Birinchidan, mutafakkir ilm olishga yoshligidan kirishgan. 13-15 yoshligidayoq Xorazmning Kot shahrida ustozlari yordamida astronomik kuzatishlarda ishtirok etgan. Demak, u ungacha shu sohadagi bilimlardan xabardor bo‘lgan. Garchi 22 yoshida Vatanni tark etishga majbur bo‘lib, Jurjon shahrida muhtojlikda kun kechirsa-da, «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Osor al-boqiya an al-xurun al-xoliya») asarini yozishga ulgurgan.

Endi, keling, shu yoshdagi ayrim yigit-qizlarimizning yurish-turishiga bir nazar tashlaylik. Ular 22 yoshga to‘lguncha hech bo‘lmaganda o‘zlari o‘rganayotgan kasbga oid fanlarni o‘zlashtira olishdimi? Kutubxonaga borishga, hech bo‘lmaganda kuniga o‘z kasbiga oid kitoblardan 2-3 soat o‘qishga toqat topa olishyaptimi?

Ikkinchidan, Beruniyning zehni nihoyatda o‘tkir bo‘lgan. Bu esa xotira bilan, xotira esa takror bilan bog‘liq. Yoshligidayoq Qur’onni yod bilgan, bir nechta fanlar bilan jiddiy shug‘ullangan, astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, minerologiya, tarix fanlarining yo‘nalishlarini ravon izohlab bergan. Olimlardan biri «Beruniy qiziqqan sohalarni sanashdan ko‘ra, u qiziqmaganini sanash osonroq», degani bejiz emas. Fanshunos olim J.Sarton esa «Dunyo fani tarixida XI asrning birinchi yarmi Beruniy davridir», degan.

Endi har bir yigit-qiz o‘ziga savol berib ko‘rsin: ular ana shu yutuqlarning hech bo‘lmasa, bittasiga erishish uchun harakat qilib ko‘rishdimi? Beruniyning avlodiman deb aytish faxrli va oson. Biroq unga munosib bo‘lish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Uchinchidan, alloma ko‘p tillarni bilgan. Ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon va yahudiy tillarida bemalol gaplashgan va yozgan. Darvoqe, keyinchalik Hindistonga borganida sanskrit tilini ham o‘rganadi va «Hindiston» asarini shu tilda yozadi. Shu sababli Javohirlal Neru «Hindshunoslikda Beruniyning «Hindiston» asari qimmatli. Beruniydan oldin ham, Beruniydan keyin ham bunday asar yaratilmagan», deyishining o‘ziyoq buyuk bobomizga berilgan yuksak bahodir.

Binobarin, jadid bobolarimiz ham 4-5 tilni bilganlar. Tabiiyki, bugun mamlakatimizda til o‘rganishga juda katta imkoniyatlar yaratilyapti. Afsuski, yoshlar o‘rtasida hali o‘z ona tilini mukammal bilmaydiganlari kam emas. Chunki til o‘rganish uchun, eng avvalo, qunt va o‘sha tilga muhabbat kerak.

Beruniy ibratlaridan yana biri qomusiy ilmga ega bo‘lganligidir. Allomalardan biri Beruniyning bu salohiyatini ayrim ilmiy-tadqiqot markazi olimlari bir asrda bajaradigan tadqiqotlarni u bir o‘zi yarim asrda bajarishga ulgurgan, deya ta’riflaydi. Mutafakkir o‘zining 113 asari borligini yozib ketgan: ularning 70 tasi astronomiya, 20 tasi matematika, 12 tasi geografiya va geodeziya, 3 tasi minerologiya, 4 tasi kartografiya va 3 tasi tarixga oid bo‘lgan. Biz bu asarlarni nafaqat mag‘zini chaqishga, hali tarjima yoki tabdil qilishga ham ulgurmayapmiz. Negaki, buning uchun bizda maqsad, qanoat va sabot yetishmayapti.

Beruniy davrida salohiyat ilmga qarab belgilangan. Bizda ba’zan nomzodlik yoki doktorlik dissertasiyasini yoqlaganiga qarab belgilanadi. Ayrim yoshlar ana shu hujjatlari bilan gerdayishni ham kasb qilib olgan.

Demoqchimanki, fan, ilm yuzakilikni, maqtanchoqlikni yoqtirmaydi. Olimlikning birinchi talabi ishtiyoq va qanoat bo‘lgan. Erishilgan yutuq bilan kifoyalanib qolish ham haqiqiy olimlarga xos emas. Ko‘p tilni bilmaslik oqibati nima ekanligini bugun jamiyatimizning aksariyat a’zolari yaxshi anglab qolishdi. Beruniydan olgan sabog‘im shu bo‘ldiki, o‘qimasdan, tafakkur qilmasdan jamiyatda o‘z o‘rnini topib bo‘lmaydi. Yoshlarimiz bugungi imkoniyatlar cheksiz davrda Beruniy bobomizning xislatlaridan oz-oz bo‘lsa-da o‘rganib borsalar, bizdan albatta, kelgusida Beruniylar chiqadi. Bunga ishonchim komil.

Mamayunus Pardayev,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori.