Ishchi-xodimlarni himoya qiluvchi tashkilot tarixi haqida bilasizmi?

Bu yil O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakati tashkil etilganiga 120 yil to‘ladi.

Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan tadbirda, yurtimiz hayotida muhim o‘rin egallagan kasaba uyushma xodimlari harakati tarixi, uning Nizomining tuzilishi va o‘tgan davrda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lganligi haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlandiki, yurtimizda ilk kasaba uyushmalari tashkiloti O‘zbekiston temir yo‘l ishchilari va aloqa xodimlari tomonidan tashkil etilgan. 1905 yilning kuzida 8 ming nafar ishchi-xodimni o‘zida birlashtirgan Turkiston temir yo‘l uyushmasi tashkil etilgan. O‘rta Osiyo temir yo‘llari ishchi va xizmatchilarining I Qurultoyida 1906 yil yanvaridan boshlab 8 soatlik ish kunini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 1 iyulda esa Toshkentda O‘rta Osiyo va Orenburg-Toshkent temiryo‘lchilarining I Turkiston Qurultoyi o‘tkazilib, unda ishchi-xodimlarning Ustavi qabul qilingan. Shuningdek, 1905 yilning 24 oktyabrida Pochta-telegraf uyushmasining Turkiston bo‘limini tashkil etilib, qo‘mita a’zolari saylangan.

- Ilmiy o‘rganish va tarixiy-nazariy tahlillar mamlakatimizda ilk kasaba uyushmalari harakati 1905 yilda boshlanganligini ko‘rsatib turibdi, - deydi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov. - O‘zbekiston Milliy arxivi, Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi, Prezident Administratsiyasi arxivi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston tarixi muzeyi va boshqa qator ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilindi. Sankt-Peterburg shahridagi Rossiya davlat tarixi arxivi fondi hamda Rossiya milliy kutubxonasidagi 1000 dan ortiq tarixiy hujjatlar hamda o‘tgan asr boshlarida chop etilgan “Turkiston”, “Ishchilar dunyosi”, “Xurshid”, “Taraqqiy” va “Samarqand” gazetalarining 200 dan ortiq sonlari o‘rganilib, atroflicha chuqur tahlil etildi.

Sanaga bag‘ishlangan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida viloyat kengashining rahbar va yoshlar uchrashuvlari, madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlari, shuningdek, mehnat muhofazasi, kasaba uyushmalari qonunchiligi mavzularida davra suhbatlari hamda seminarlar o‘tkazish dasturi ishlab chiqilgan.

Samarqand davlat chet tillar instituti va viloyat yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida 400 nafar yoshlar ishtirok etdi. “Sayohat, ziyorat, salomatlik" shiori ostida har haftaning juma kuni “Samarqand shahri bo‘ylab 5 ming qadam” piyoda yurish marafoni o‘tkazib kelinmoqda. Bulung‘ur tumanida, Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida o‘tgan “Uch avlod uchrashuv”larida 500 nafardan ortiq nuroniy va yoshlar ishtirok etdi.

Joriy yilda viloyatdagi 4211 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazilib, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar tahlil qilindi, faoliyatda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Muqobillik asosida ochiq yoki yashirin ovoz berish yo‘li bilan 786 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga yangi raislar saylandi.

Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand filialida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar ishtirokida seminar o‘tkazilib, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishda, ishlab chiqarishda jarohatlanishlar va kasb kasalliklarning oldini olishda samarali mehnat qilgan muxandis-texnik xodimlar kasaba uyushmalarining sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Joriy yilda 6200 nafar, jumladan, 3200 nafar ishlovchi xodim va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish belgilangan bo‘lib, hozirgacha ularning 1032 nafariga sanatoriyalarga yo‘llanmalar berildi. 22 nafar mehnat va urush faxriylari, olis va chekka hududlarda yashovchi farzandtalab yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillariga bepul yo‘llanmalar berildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida 30 ming nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolarini yurtimizdagi tarixiy obidalarga sayohatlari rejalashtirilgan bo‘lib, uch oy ichida 7366 nafariga bunday imkoniyat yaratib berildi. Shuningdek, 150 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari Xorazm viloyatiga 3 kunlik, 201 nafari Toshkent shahriga 2 kunlik bepul sayohat qildi. Turli shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan 800 nafar xotin-qiz uchun Samarqand shahri bo‘ylab ziyorat sayohati hamda “Muqaddas ayol” nomli madaniy tadbiri tashkil etildi.

- Joriy yilda viloyatdagi 12 ta yozgi oromgohlarda 7620 nafar bolalarni dam oldirish rejalashtirilgan, - deydi kengash raisi o‘rinbosari Akbar Abdusaidov.- Hozirda kengash qoshidagi Bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishni tashkil etish departamentiga qarashli 10 ta, Jomboy tumanidagi “Qaldirg‘och” hamda Paxtachi tumanidagi “Xumor” oromgohlarida yozgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi va tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan sana munosabati bilan “Kasaba uyushmalari faoliyatini yoritgan eng faol jurnalist” viloyat ko‘rik-tanlovi ham e’lon qilindi. Ijodkorlar ushbu tanlovga kasaba uyushmalari faoliyati, ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi maqola va ko‘rsatuvlari bilan ishtirok etishlari mumkin.

Tanlov joriy yilning 1 oktyabrigacha davom etadi va g‘oliblar 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirida mukofotlanadi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning kasaba uyushmalari hayotidagi mehnat qonunchiligiga oid qator savollariga soha mutaxassislari javob berdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.