XDP xalq bilan, xalq uchun: Samarqandda partiyaning 34 yilligi nishonlandi
Samarqand shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP) tashkil etilgan kun - partiyaning 34 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiyaning viloyat kengashi mas’ul xodimlari, tuman va shahar kengashlari raislari, XDPdan saylangan viloyat xalq deputatlari Kengashi a’zolari, partiyaning faxriy faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, XDP viloyat kengashi raisi Badriddin Nasriyev partiyaning 34 yillik tarixi, uning mamlakatimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalq manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni haqida gapirdi.
Shuningdek, tadbirda XDP Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qaroriga binoan, 10 nafar partiya faoli “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bir guruh faollarga esa viloyat kengashining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Xalq demokratik partiyasi katta qadriyatlarga ega bo‘lgan, xalq manfaatlarini himoya qilishni o‘z oldiga bosh maqsad qilib qo‘ygan siyosiy kuch sanaladi, - deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Maryam Niyozova. - Partiya faoliyatining markazida inson, uning huquq va erkinliklari, munosib turmush kechirishi uchun zarur ijtimoiy sharoit yaratish masalalari turadi. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy g‘oyalari orqali fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash va har bir insonning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Biz partiya faollariga ishonamiz, ularning fidoyiligi, tashabbuskorligi va xalq manfaati yo‘lidagi sa’y-harakatlari mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi, albatta.
XDP Samarqand viloyati kengashi axborot xizmati.