Direktor menejer bo‘la oladimi?

O‘quvchilari turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan maktabning muvaffaqiyat siri nimada deb o‘ylaysiz?

To‘g‘ri, o‘qituvchilar bilimli, tajribali, maktab direktori fidoyi o‘qituvchilar jamoasini yig‘a olgan bo‘lsa va ota-onalar ham farzandi kelajagiga befarq qaramasa, albatta bunday maktab ilmga chanqoq, zukko yoshlarni tarbiyalaydi. Narpay tumanida bo‘lib, tumandagi eng namunali maktablar faoliyati bilan tanishdik.

Tumandagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qator yillardan beri ilg‘or maktablar safidan joy egallab kelmoqda. 2018 yil ilk bor o‘tkazilgan Yosh kitobxontanlovining respublika bosqichida maktabning 10-sinf o‘quvchisi Mohiniso Shomurodova g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi - “Sparkavtomashinasi bilan taqdirlangan. Maktab o‘quvchilaridan tashkil topganTafakkurjamoasiYoshlar va qonun”, “Mening huquq va majburiyatlarim”, “Parlament bilimdoni” respublika ko‘rik-tanlovlarida ishtirok etib, ikki marta faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

- O‘tgan yilgi maktab bitiruvchilarining barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, - deydi maktab direktori Marhabo Jabborova. – Sababi, o‘quvchilar darsdan keyin maktabda qo‘shimcha darslarga qatnashadi. Maktabda fan to‘garaklaridan tashqari, pullik kurslar ham tashkil qilingan. Fan to‘garaklarini milliy va xalqaro sertifikatga ega bor o‘qituvchilar o‘tadi. 14 nafar o‘qituvchi xalqaro, 10 nafari o‘z fani bo‘yicha milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan. Ularning 10 nafari 50 foizlik ustama puli oladi. Bu yilgi bitiruvchilarimizning ham natijasi yomon emas, hozirga qadar 6 nafar o‘quvchimiz turli fanlardan milliy va xalqaro sertifikatlar sohibi bo‘ldi. O‘quv yili tugaguniga qadar bu raqam yana oshadi.

- Maktabimiz 100 yillik tarixga ega, - deydi maktab direktori. – Dastlab 1922 yilda boyning ikki qavatli uyi maktab vazifasini o‘tagan. Atrofda boshqa maktab yo‘qligi uchun Paxtachi, Ziyovuddin, Kattaqo‘rg‘ondan bolalar kelib, shu maktabda ta’lim olgan. Keyinchalik davlat arbobi, Myehnat Qahramoni Bektosh Rahimov maktabni qaytadan qurib bergan.

Maktab 1050 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda 1130 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. Ushbu ta’lim dargohi PISA xalqaro baholash dasturi bo‘yicha tayanch maktab hisoblanadi. Muassasaga tumandagi 26 ta maktab biriktirilgan. Oliy toifali mentor o‘qituvchilar xalqaro baholash dasturi bo‘yicha Singapur ta’lim tizimini biriktirilgan maktab o‘qituvchilariga o‘rgatadi.

Besh muhim tashabbus doirasidagi tadbirlarda ham maktab o‘quvchilarining yutuqlari talaygina. Masalan, 11-sinf o‘quvchisi Ziyadulla Sayfullayev shaxmat bo‘yicha respublikada 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 9-sinf o‘quvchisi Umidjon Vladimirov sportning muaytay turi bo‘yicha Tailandda o‘tkazilgan jahon chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.  

- 31 yillik faoliyatim shu maktab bilan bog‘liq, - deydi Marhabo Jabborova. – Maktab hayotimning bir bo‘lagi. Ertalab ishga kelib, darslar tugaguniga qadar xonamga kirmayman. Ish jarayonlari bilan tanishaman. Maktab maydoni 3 gektar bo‘lib, bu yilYashil makon” loyihasi doirasida 2 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekdik. Bolalarni tabiat bilan do‘st bo‘lishga o‘rgatish maqsadida maktab hovlisida qushlar uchun xona tashkil qilganmiz. Bolalar tanaffusda qushlarni tomosha qiladi, ularni oziqlantiradi. Shuningdek, bolalar uchun yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatadigan maxsus sinfxona tashkil qilganmiz. O‘qituvchilardan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari ham maktabga kelib, ushbu sinfda o‘quvchilarga mashg‘ulotlar o‘tadi.  

Maktabdan o‘rnak olsa arziydigan jihatlar ko‘ekan. Direktorining ijodkorligi, o‘z kasbini sevishi va fidoyiligi har qadamda bilinib turibdi. Maktab jamoasini ahillikda birlashtira olgan yana bir direktor faoliyati bilan tanishdik.

- Maktabimiz uncha katta emas, - deydi tumandagi 69-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Feruza Annayeva. – Maktab 2012 yilda qurilgan bo‘lib, 500 o‘ringa mo‘ljallangan. Dastlab maktabga boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirdim. 2015 yilda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2018 yildan beri maktab direktori bo‘lib ishlab kelyapman. Maktabni 220 nafar o‘quvchi bilan qabul qilib olgandim. Hozirgi kunga kelib 500 nafar o‘quvchimiz bor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi tuman miqyosidagi maktablar ichida yuqori o‘rinlarda turibdi. O‘tgan o‘quv yilida 69 foiz bitiruvchimiz o‘qishga kirdi.

Bu yil 25 nafar bitiruvchimiz bor. Ularning 16 nafarida turli fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlar mavjud. Shuningdek, 35 nafar o‘qituvchimizdan 16 nafarida fanni bilish bo‘yicha sertifikat bo‘lib, sertifikatga ega o‘qituvchilarning barchasi 10 million so‘mdan ortiq ish haqi ega. Masalan, matematika fani o‘qituvchisi Norqobil Botirov 15 million so‘m, ingliz tili o‘qituvchisi Nozima Annayeva 12 million so‘m maosh oladi.

Darsdan keyin o‘quvchilarga qo‘shimcha darslar o‘tiladi. Ular boshqa joyga “repetitor” izlab ketmaydi. Ingliz tili, tarix, kimyo, biologiya kabi fanlardan tajribali o‘qituvchilar o‘quvchilarimiz bilan shug‘ullanadi.

Bizda Mirbozor, Oqtosh shahridan ham o‘quvchilar kelib o‘qiydi. Ularga yaxshi sharoit qilib berganimiz uchun o‘z yashash hududiga yaqin bo‘lgan maktabga ketmaydi. Yaqinda bir o‘qituvchimizga shunday taklif bo‘ldi, ammo o‘qituvchi jamoani tashlab ketishni istamadi. Biz jamoa bilan bayram, dam olish kunlari tez-tez sayohatlar uyushtirib turamiz. Ichki turizm bo‘yicha respublikamizning go‘zal shaharlari, diqqatga sazovor joylarini birgalikda borib ko‘ramiz.

Tuman hokimining tashabbusi bilan maktablar har chorakda 10 ta indikator bo‘yicha baholanadi. Maktabimiz birinchi chorakda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 20 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu pullarni maktab ehtiyojiga sarflab, doska, stol, stullar oldik.

Joriy yilgi rus tili va matematika fan olimpiadalarining viloyat bosqichida o‘quvchimiz qatnashdi. Al-Xorazmiy olimpiadasining tuman bosqichida 8-sinf o‘quvchimiz Elyor O‘rinboyev 3-o‘rinni oldi. “Turon maktab teatriko‘rik-tanlovining tuman bosqichida o‘quvchilarimiz jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Maktabimizda hozircha sport zal yo‘q. Nasib bo‘lsa, 2028 yilgacha sport zal qurilishi rejalashtirilgan.

Tumanda eng ilg‘or bo‘lgan ushbu maktablarning direktorlari o‘z tashabbuskorligi, jamoani jipslashtira olishi va tartib-intizomni talab qilishi bilan yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Yaqin yillarda mana shunday o‘z kasbini astoydil sevadigan fidoyi maktab direktorlari ko‘payadi. Sababi, direktorlarni tayinlash tartibi o‘zgardi.

Direktorlar qanday tayinlanadi?

Bugun maktab direktorlarini deputatlar orqali tayinlash amaliyoti bekor bo‘ldi. Yangi tartibga ko‘ra menejerlik sertifikatiga ega bo‘lganlar direktorlikka tayinlanadi. Xo‘sh, bu jarayon qanday amalga oshadi, degan savol hammani qiziqtiradi.

- Direktor bo‘lish uchun Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida o‘qib, menejerlik sertifikati olib kelish kerak, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Zuhra Daminova. – Menejerlik sertifikatiga o‘qish amaldagi maktab direktorlari uchun bepul. Direktor ushbu sertifikatni olib kelsa, maoshiga 50 foiz ustama qo‘shiladi. Agar sertifikat ololmasa, unga yana bir bor imkon beriladi. Bu imkoniyatni ham boy bersa, direktor ishdan ketadi.

Agar nomzod (direktor o‘rinbosari yoki o‘qituvchi) menejerlik sertifikati bo‘yicha o‘qimoqchi bo‘lsa, buning uchun u 10 million so‘mga yaqin to‘lovni amalga oshiradi. So‘ngra Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida bir oylik kursda o‘qiydi. Agar yakuniy imtihondan o‘tolmasa, nomzodning to‘lagan puli kuyadi.

Agar nomzod sertifikatni qo‘lga kiritsa, vakansiyadagi maktabga ariza berishi mumkin. Biron maktabda direktorlik o‘rni bo‘sh bo‘lsa, ARGOS orqali menejerlik sertifikatiga ega bo‘lganlar o‘z nomzodini qo‘yadi. Sertifikati yo‘q nomzodlar ARGOS orqali ariza topshirolmaydi. Bu jarayon inson omilisiz bajariladi. So‘ngra nomzod direktorlar kengashidan suhbatdan o‘tishi kerak. Direktorlar kengashi viloyat bo‘yicha eng ilg‘or, tajribali direktorlar tomonidan tuzilgan bo‘lib, ular tomonidan tanlangan nomzod direktorlik lavozimiga tayinlanadi.  

Shu o‘rinda aytish kerakki, menejerlik sertifikatini hamma ham ololmaydi, qancha nomzodlar puliga kuyib, sertifikat ololmasdan qaytib kelyapti. Sertifikat olib kelganlarni o‘zimiz vakansiyadagi maktablarga nomzodini qo‘yishga chaqiryapmiz. Hozirda bizda sakkizta maktabda direktor o‘rni bo‘sh turibdi.

Xurshida Ernazarova.