Samarqandda muntazam dars qoldirayotgan 1283 nafar o‘quvchi aniqlangan

Qonunchilikda bunday holat 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga ham sabab bo‘lishi mumkinligi belgilangan.

Aslida bu kabi holatlarni o‘rganish voyaga yetmaganlarni nazoratsiz qoldirishning oldini olishdan iborat. Chunki o‘tgan yili Samarqand viloyatida 191 ta jinoyat voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Bu jinoyatlarning 60 foizini o‘g‘irlik tashkil etadi.

Keyingi kunlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida muntazam dars qoldiradigan 1283 nafar o‘quvchi aniqlangan. Ularni maktabga qaytarish bo‘yicha mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Ota-onalar ogohlantirilib, ularga huquq va majburiyatlari tushuntirilgan.

Qayd qilish lozim, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangan.
Unga ko‘ra, o‘ta-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.