O‘zbekistonda huquq fanidan ham milliy sertifikat joriy etildi

Bu bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Shuningdek, farmonga ko‘ra, yurisprudensiya hamda davlat va jamiyat boshqaruvi ta’lim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslarga qayta tayyorlov kurslaridan o‘tmasdan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etiladi.

Toshkent davlat yuridik universitetida “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun ikki yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.

Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseyi tashkil etiladi.

Universitetning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 50 foizi (amaliyot qismi) sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.

Universitetning uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalarini davlat tashkilotlariga, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etildi.

Universitetda fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini ikki o‘quv yili muddatiga saylash amaliyoti joriy etiladi, bunda bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.