Samarqandda umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat uchun kimyo fanidan test sinovlari boshlandi
Bugun, 11 may kuni SamDUda kimyo fanidan milliy sertifikatlash tizimi uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
2021-2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etiladi.
Talabgor test topshiriqlari kitobida 4 ta bo‘lim mavjudligiga e’tiborini qaratishi shart, bunda:
1-bo‘lim – umumiy kimyo bo‘yicha test topshiriqlari;
2-bo‘lim – anorganik kimyo bo‘yicha test topshiriqlari;
3-bo‘lim – organik kimyo bo‘yicha test topshiriqlari;
4-bo‘lim – laboratoriya mashg‘uloti bo‘yicha test topshiriqlari.
Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 180 daqiqani tashkil etadi.
Sertifikat test natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini olgan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.
Eslatma: ertaga, ya’ni 12 may kuni biologiya fanidan test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarga test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmati.