Botulizm – banka ichidagi ajaldan ehtiyot bo‘ling!

Yoz va kuz mavsumida uy bekalarimiz tomonidan mevali kompotlar, pomidor-bodring, qo‘ziqorin konservalar tayyorlanadi.

Bunday mahsulotlarga inson organizmi uchun vitaminlarga boy manba sifatida qaraymiz. Biroq so‘nggi yillarda aholi o‘rtasida uy sharoitida tayyorlangan konservalar – sifatsiz mahsulotlarni iste’mol qilishi natijasida guruhli zaharlanish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi botulizm kasalligi, kasallikning oldini olish uchun amal qilish qoidalariga rioya qilishlarini so‘rab qoladi.

Botulizm mikroblari tashqi muhitda ko‘p tarqalgan bo‘lib, ularning sporalari meva-sabzavotlarga tuproqdan o‘tadi, biroq o‘zi kasallik paydo qilmaydi. Zaharlanishning yuzaga kelishi uchun oziq-ovqat mahsulotlarida mikroblar ko‘payishi va o‘zidan ekzotoksin ajratishi kerak. Botulizm mikroblari asosan anaerob “kislorodsiz” sharoitda ko‘payadi.

Germetik yopilgan konserva bankalari buning uchun qulay sharoit hisoblanadi. Meva-sabzavot konservalarida ular tez ko‘payadi. Botulizm mikroblari anaerob sharoitda kuchli ekzotoksin hosil qiladi, mazkur toksinning 0,3 mikrogrami inson o‘limiga olib keladi.

Botulizm sporalari konservalar va marinovkalar qayta ishlash jarayonida hamma vaqt ham yo‘q bo‘lmaydi. Ayniqsa, botulizm qo‘zg‘atuvchilarining sporalari yuqori darajaga o‘ta chidamli bo‘ladi. 100 daraja haroratda 6 soat, 120 daraja haroratda 10 daqiqa bardosh berishi mumkin.

Mahsulotga tushgan qo‘zg‘atuvchilar va sporalar kislorodsiz qulay sharoit yaratilgandan keyin 22-37 daraja issiqlikda ko‘payib, o‘zidan toksin ajratadi. Faqat 8 foizli osh tuzi eritmasi va 55 foizdan yuqori shakarli muhitda toksin ishlab chiqarishi to‘xtaydi.

Meva-sabzavotli va qo‘ziqorinli konservalar tayyorlashda unga sirka kislotasi qo‘shish botulizmdan saqlanishning birdan-bir omilidir. Chunki kislotali muhitda botulizm qo‘zg‘atuvchilarining ko‘payishiga sharoit bo‘lmaydi.

Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimini zaharlaydi. Kasallikni yashirin davri bir necha soatdan 2-5 kunga, hatto 10 kungacha cho‘ziladi. Ko‘pchilik hollarda 12-24 soatda klinik belgilari paydo bo‘la boshlaydi. Bemor holsizlik, kuchli bosh og‘rig‘i, og‘iz qurishi, ko‘ngil aynib, qayt qilishi va qorin sohasida kuchli og‘riqdan shikoyat qiladi.

Keyinchalik botulizm toksinlarining markaziy nerv tizimiga ta’siri natijasida bemorning ko‘z oldi xiralashuvi, narsalar ikkita bo‘lib ko‘rinishi, ko‘z qovoqlarida shish paydo bo‘lishi, yutinishning qiyinlashishi (ichayotgan suvi burnidan qaytib kelishi), chayqalib yurishi, gapirishning qiyinlashishi va hatto gapira olmaslik kabi simptomlar kuzatiladi, ammo tanada harorat ko‘tarilmaydi.

Bunday holatlarda bemorga zudlik bilan o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, botulizmga qarshi zardob bilan davo muolajalari o‘tkazilmasa, bemor nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etishi mumkin.

Botulizmdan zaharlanishning oldini olish uy sharoitida tayyorlangan konservalarni iste’mol qilishdan oldin banka qopqog‘i ko‘tarilgan bambaj konservalarni, shuningdek, rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni iste’mol qilmang. Bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan noma’lum sharoitda tayyorlangan sifati kafolatlanmagan, etiketkasi mavjud bo‘lmagan meva-sabzavot konservalarini, dudlangan go‘sht va baliqlarni olmang.

Shuningdek, oziq-ovqat do‘konlaridan go‘sht, baliq, qo‘ziqorin va meva-sabzavot konservalari, dudlangan go‘sht va baliq mahsulotlarini xarid qilishdan oldin sifatini kafolatlovchi sertifikati borligini surishtiring. Konserva mahsulotlarni 10 darajadan yuqori bo‘lmagan salqin joyda saqlang va uy sharoitida bilib-bilmasdan tayyorlangan konservalar va sotuvdagi terisi shikastlangan va oftobda qolgan baliqlarni umuman yemang. Savdo do‘konlaridan konserva mahsulotlarini xarid qilishda ularning saqlash muddati, idishlarining butunligi, qopqoqlari shishmaganligiga e’tibor bering.

Sanepidqo‘mita Samarqand viloyat boshqarmasi.