Samarqandda umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat uchun biologiya fanidan test sinovlari o‘tkazildi
Ayni paytda SamDU binosida biologiya fanidan milliy sertifikatlash tizimi uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan.
2021-2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etiladi.
Talabgor javoblar varaqasida 6 ta bo‘lim mavjudligiga o‘z e’tiborini qaratishi shart.
Test sinovlari uchun 120 daqiqa vaqt belgilangan.
Sertifikat test natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini olgan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmati.