Bahordayam qor-qirovli hududlarda dars berayotgan muallimalar

Bu lavha qishda emas, yaqinda, o‘tgan shanba kuni Qo‘shrabotning tog‘lar orasida joylashgan Jonbuloq mahallasi Qorabog‘ qishlog‘ida tasvirga olingan.

Ha, viloyat, hatto tuman markazida quyosh charaqlab bahor nafasi kezib turgan bir paytda mahalla hududiga kirib borishimiz bilan atrofni tuman qoplaganiga guvoh bo‘ldik. Ayrim olis hududdan kelgan muallimalar xotin-qizlar bayramini ana-shunday ob-havoda, ammo ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olmoqda.

- 2021-2022 o‘quv yilida 84-maktabga keldim, - deydi andijonlik Go‘yoxon To‘ychiyeva. – Maqsadim, kamida 5-6 nafar shogirdimni rus tili fani o‘qituvchisi bo‘lishi uchun oliy o‘quv yurtiga tayyorlash. Kelgan paytimda biroz cho‘chigandim, ammo bu qishloq yoshlarining xotirasi, eslab qolish qobiliyati yaxshi ekanligidan xursand bo‘lib, alohida reja qildim. Natijaga ham erishyapman. 

- Ustoz kelganlarida 5-sinf edik, - deydi Gulnora Jo‘raqobilova. - “Chto” degani “nima” deganidan boshqa ruscha so‘z bilmas edim. Bugungi kunda 6 nafar qiz rus tili to‘garagiga qatnashyapmiz. Ustozimiz kabi o‘qituvchi bo‘lib, qishloq bolalariga rus tilini o‘rgatishni niyat qilganmiz. Hozir ancha tilimiz kelishib, qoldi. Rus tilidagi qisqa matnlarni bemalol o‘qib, tarjima qila olyapmiz. 

Bu maktabda rus tili o‘qituvchisidan tashqari yana uch nafar muallima olis hududdan kelib dars beryapti. 

- Maktabimiz 60 o‘ringa mo‘ljallangan, 52 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, - deydi maktab direktori Baxtiyor Nurbekov. – O‘qimishlilar bu qishloqda qolgisi kelmaydi. Poytaxtga, shaharga talpinadi. Shuning uchun ham o‘qituvchilarga talab katta. Ammo, tan olish kerakki, shu paytgacha o‘quvchilarimizning rus va ingliz tili bo‘yicha savodxonligi juda sust edi. Olis hududdan kelgan o‘qituvchilarning sa’y-harakati bilan ular chet tillarni o‘rganyapti. Navoiylik ingliz tili fani o‘qituvchisi Zulfira Qurbonova kelganiga 25 kun bo‘ldi. Shu qisqa vaqt ichida aksariyat o‘quvchilarimizni til o‘rganishga qiziqtira oldi. 

Shu mahallada joylashgan 21-maktabda ham olis hududdan kelib ishlayotgan ayol o‘qituvchilar bor.

- Bu maktabning filiali Mijg‘on qishlog‘ida joylashgan, - deydi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidan kelgan muallima. – Oraliq masofa ikki kilometr. Har kuni piyoda qatnayman. Sovuq kunlarida biroz qiynaldim. Yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi. Ammo shu qishloq yoshlariga ta’lim beraman, deb keldimmi maqsadimdan qaytmayman. Afsuslanmayman! Atrofdagi tog‘lar manzarasi charchoqlarni chiqarishga yordam beradi.

Chekka qishloqlarda yashaydigan bolajonlarimizning baxtiga, ana shunday jonkuyar, jasoratli o‘qituvchilarimiz bor bo‘lsin! 

To‘lqin Siddiqov,

E’zoza Meyliyeva,

Jasurbek Shukurov.