Qo‘shrabot adirlarida hilpiradi varraklar

Bahor nafasi ufurgan damlarda yurtda o‘zgacha bir jonlanish, yangilanish hissi uyg‘onadi. Ana shu kayfiyat Qo‘shrabot tumanining Qirqovul qishlog‘i adirlarida o‘tkazilgan Navro‘z saylida namoyon bo‘ldi. Bu yerda tabiat go‘zalligi bilan insonlar qalbidagi shukronalik tuyg‘usi uyg‘unlashdi.

Bahor kelishi bilan bolajonlar qir-adirlarda varrak uchirishadi. Bu oddiy mashg‘ulotdek tuyulsa-da, uning zamirida beg‘ubor bolalik, osuda osmon va tinch hayot ramzi mujassam. Qirqovul adirlarida osmonga ko‘tarilgan rang-barang varraklar xuddi bolalar orzusidek yuksak parvoz qilar, ularning kulgisi esa atrofga hayotbaxsh quvonch bag‘ishlardi.

Saylga 15 mingdan ortiq aholi yig‘ilib, haqiqiy xalq bayramiga aylandi. Bir tomonda sport musobaqalari qizg‘in tus olgan bo‘lsa, yana bir tomonda onaxonlar o‘lan va laparlar kuylab, milliy an’analarimizning betakror jozibasini namoyon etishdi. Urchuq yigirib, paxta savayotgan onaxonlar esa yosh avlodga qadimiy qadriyatlarimizni amalda ko‘rsatib, ularni asrab-avaylashga da’vat etdi.

Ayniqsa, tosh ko‘tarish musobaqasi barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshi yetmishlarni qarshilagan otaxonning 16 kilogramlik toshni 50 marta ko‘targani yoshlarga hayrat berdi. Kurash musobaqalari esa saylga yanada shiddat bag‘ishladi. Bu holat Qo‘shrabotda alp polvonlar bilan birga To‘marisdek jasur, shijoatli qizlar ham kamol topayotganidan dalolat beradi.

Tadbir boshlanishi arafasida tuman hokimi Dilshod Shakarboyev bilan suhbatlashib turganimizda, yonimizdan osmonga tikilgancha yugurib o‘tayotgan bolalar e’tiborimizni tortdi. Ular varrak uchirish ilinjida edi. Shu payt hokim osmonga ishora qilib, fikr bildirdi: “Ayrim davlatlar osmonida raketalar uchyapti, bizda esa varraklar...”. Bu gap oddiy tashbeh emas, balki yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning chuqur ma’nosini ifoda etardi.

Saylga folklor jamoalari, qo‘shrabotlik san’atkorlar hamda poytaxtdan kelgan taniqli xonandalarning chiqishlari alohida fayz bag‘ishladi.

Navro‘z sayli – shunchaki bayram emas. U xalqning birligi, qadriyatlarga sadoqati va tinch hayotga bo‘lgan shukronaligining yorqin ifodasidir. Qo‘shrabot adirlarida hilpiragan varraklar esa ana shu osuda osmon ostidagi baxtli hayotimizning ramzi bo‘lib qolaveradi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).