Narpay tuman hokimi yil yakuniga qadar xorijda mehnat qilayotgan 650 kishi oilasi bag‘riga qaytarilishini ma’lum qildi
Tuman hokimi Sherzod Rahmonov joriy yil yakunigacha mo‘ljallangan ishlar haqida jamoatchilikka hisobot berarkan, bu ish qanday amalga oshirilishi bilan bo‘lishdi. U ayrim xorijda yurgan tumandoshlari bilan shaxsan gaplashganini bildirdi. Shuningdek, tuman hududidan xitoyliklar bilan hamkorlikda oltin qazib olinishini ham qayd etdi.
Sh.Rahmonov o‘ziga biriktirilgan 1-sektor hududida yashovchi 3,2 ming kishi xorij mamlakatlarida mehnat qilayotganini ta’kidlab, tahlil qilganida Mustaqillik mahallasidan xorijga ishlash uchun chiqib ketgan 199 nafar fuqaroning 158 nafari yoki 79 foizi mahallaning Oytamg‘ali qishlog‘idan ekanligi ma’lum bo‘lganini aytdi. Aytishicha, to‘rt kun oldin qishloqda chetga ketganlarning oilasi bilan uchrashib, Rossiya Federatsiyasi Rostov viloyatida qog‘oz sexida ishlayotgan 35 nafar vatandoshimiz bilan videoaloqa orqali gaplashgan. Ular uylariga o‘zlarining xarajatlaridan ortib 4 million so‘m atrofida mablag‘ yuborayotgan ekan.
Qishloqqa 3 kilometr masofada xitoyliklar investitsiyasi bilan ishga tushirilayotgan yog‘ochni qayta ishlash sexi birinchi bosqichda oyiga 3 milliondan 6 million so‘mgacha oylik evaziga 100 nafar ishchi qabul qilayotganini, hokim yordamchisi orqali 1,2 milliard so‘m kredit yoki massivda 30 sotixdan jami 42 gektar yer berilayotganini tushuntirgan. Natijada 20 ga yaqini kuz faslidayoq vatanga qaytishini bildirgan.
Tuman hokimi yaratilayotgan ish o‘rinlari va imkoniyatlardan kelib chiqib, xorijda yurgan fuqarolarimizni shu yil yakuniga qadar 650 nafari o‘z oilasi bag‘riga qaytarish imkoni mavjudligi qayd etdi.
Sh.Rahmonov rejalashtirilgan ishlar haqida jamoatchilikka hisobot berarkan, 2023-2024 yillarda sektor hududida 264 million dollarlik 87 ta loyiha amalga oshirilishini ta’kidladi. Joriy yil yakunigacha esa 21,2 million dollarlik 70 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 1803 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakuniga qadar yana 3,1 mingta (shundan 1,3 ming nafar ishsiz, qaytishi kutilayotgan 650 nafar migrantlar, 1,2 ming nafar mehnat bozoriga kirib keluvchilar) ishsizlarni bandligini ta’minlash va qariyb 2,5 ming fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish vazifasi turibdi.
Shu bois, kelayotgan to‘rt oyda 3,4 ming ta ish o‘rinlari yaratish maqsad qilinmoqda. Jumladan, qiymati 19 million dollarlik 36 ta loyiha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilib, natijada 1143 ta ish o‘rni yaratiladi.
Misol uchun, "ZHONGGUO HUAXU VOOD INDUSTRY" xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 6,5 million dollarlik faner hamda mebel uchun akril ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 80 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Tuman hududidan o‘tuvchi M-37 xalqaro avtomagistral yo‘lida hokim yordamchilari tashabbusi bilan 10 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish imkoniyati mavjud. Bu loyihalarni amalga oshirish hisobiga 60 dan ortiq aholini daromadli mehnat bilan band qilish rejalashtirilyapti.
Hokimning aytishicha, tumanning barcha imkoniyat va zaxiralari tahlil qilinib, belgilab olingan investitsiya rejasini qayta ko‘rib chiqilgan va qiymati 100,1 million dollarlik 7 ta loyiha shakllantirilgan.
Dastlabki geologiya qidiruv natijalariga ko‘ra, tumanda zaxirasi 10 tonna bo‘lgan oltin koni, 7,9 million metr kub g‘isht va kafel, 274 million tonna sement xomashyosi, 37,5 million tonna keramzit xomashyosi zaxiralari mavjud. Ushbu zaxiralardan oqilona foydalangan holda yirik xorijiy kompaniyalarni tumanga jalb qilish hisobiga 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratish mumkin.
Misol uchun, "Grand asian copper industry" mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi tomonidan Xitoyning “Sichuan Road and Bridge Group” Co.LTD kompaniyasi bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasida 12 million dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Hisobot davomida hokim ko‘pchilikni qiynab kelgan muammolarga ham e’tibor qaratdi. Jumladan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 18 kilometr yo‘llar asfalt, 17 kilometr loy ko‘chalar shag‘alashtirilgani va yil yakuniga qadar 9 kilometr yo‘llarni asfalt qilish, 18 kilometr ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, 310 ta yangi gaz ballonga ehtiyoji mavjud fuqarolarga gaz ballonlari yetkazib berish rejalashtirilgan.
Yana bir masala. Tumanda 44 mingta elektr energiyasi iste’molchilariga 2022 yilda 476 million kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan va 41 million kVt.soat defitsit kuzatilgan. Joriy yilda defitsitni kamaytirish maqsadida 2,2 MVt bo‘lgan quyosh panellari hamda 4,2 ming litr hajmli geliokollektorlar o‘rnatiladi. Bu bilan yil yakuniga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali 4 million kVt.soat defitsit qoplanadi.