Shuhrat Tog‘ayev: “El-yurt umidi” jamg‘armasi orzularimni ro‘yobga chiqarishda ko‘makdosh bo‘ldi
Dunyoning nufuzli universitetlaridan biri hisoblangan Kolumbiya universiteti AQShdagi eng mashhur 7 oliygohni birlashtiruvchi “Ivy League” a’zosidir. Ushbu maskanda ko‘plab mashhur shaxslar, yetakchilar, olimlar, masalan AQSh sobiq Prezidenti Barak Obama, Gruziya sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili singari muvaffaqiyatli islohotchi, siyosatchilar o‘qigan.
E’tiborlisi, bugungi kunda mazkur universitetda ta’lim olayotgan talabalar orasida o‘zbekistonlik izlanuvchan yoshlar ham bor. Samarqandlik Shuhrat Tog‘ayev ulardan biri.
Anglaganingizdek, xorijda o‘qiyotgan talabalarimiz bilan muloqot shaklidagi loyihamizning navbatdagi mehmoni – Shuhrat Tog‘ayev.
Shuhrat bolaligini shunday xotirlaydi: Otamdan erta ayrilganman, menga u kishidan 600 ga yaqin kitob meros qolgan. Bu boylik hayotim yo‘lini yorituvchi shamchiroq misoli. Otam ziyoli inson, menga 4 yoshimda harf tanitib, o‘qishni, 5 yoshimda esa shaxmat o‘ynashni o‘rgatgan birinchi ustozimdir. Badiiy kitobga mehr qo‘yishim onam rahmatliga bog‘liq. Onam oddiy tikuvchi bo‘lsa-da, adabiyotga, she’riyatga ixlosi baland ilmli ayol edi. Maktabda o‘qib yurgan vaqtim, ayniqsa, qishda onam kechqurunlari tancha atrofida o‘tirganimizda “bolam, kitob o‘qib ber” derdi. Said Ahmadning “Ufq”, “Jimjitlik”, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarlarini 6-7-sinf paytimda onamga o‘qib berganim hanuz yodimda. Kitob qahramonlarining quvonchi, tashvishiga sherik bo‘lib, ular kulganda kulib, yig‘lasa, xafa bo‘lib mutolaa qilardim. Onam bilan asarlarni muhokama qilardik...
Adabiyotga oshno xonadonda ulg‘aygan Shuhratda bolaligidan o‘qituvchi, adabiyotshunos olim yoki jurnalist bo‘lish istagi uyg‘ongan. Shu xohish uni o‘qituvchilikka undadi.
Narpayning oddiy oilasida tug‘ilgan Shuhrat Tog‘ayev hozir Kolumbiya universitetida, “Ingliz tili pedagogikasi” mutaxassisligi bo‘yicha PhD dasturida tahsil olmoqda.
– Otam yonimda bo‘lmasa-da har ishda doim meni qo‘llab turgandek, – deydi Shuhrat. – Bosh hayotiy maqsadim ham otam-onam orzusini ro‘yobga chiqarish. Otamning ko‘rsatmasiga amal qilib, kam bo‘lmadim. Viloyatimizda ochilgan ilk akademik litseyni muvaffaqiyatli tamomladim. Keyingi yutug‘im – Samarqand davlat chet tillar institutiga yuqori ball bilan uchinchi o‘rinda grant asosida o‘qishga qabul qilinganim. 2003 yil ayni oliygohning magistratura bosqichiga ham davlat granti asosida qabul qilinganman.
O‘qituvchilik – hayotim mazmuni. Kimgadir nimadir o‘rgatish, o‘quvchida ozgina bo‘lsa-da, o‘zgarish ko‘rishdan bir olam quvonch olaman. Menga g‘urur bag‘ishlagan yana bir jihat o‘zim o‘qigan institutda ustoz bo‘lib ishlash baxtiga muyassar bo‘lganim. Keyinchalik Toshkentdagi bir necha oliygohda ham ingliz tilidan dars berganman.
Kolumbiya universitetida tahsil olishni o‘sha vaqtlarda tasavvur qilish qiyin edi. Shuhrat ayni shu orzu bilan yashadi. Maqsadini amalga oshirish uchun tinimsiz izlandi. Yoshligida “Umid” jamg‘armasi sovrindorlari haqida televideniye, radioda eshitib, havas qilarkan, “men ham kun kelib, Amerikaning nufuzli universitetida o‘qiyman, yurtim rivojiga munosib hissa qo‘shaman”, deya ahd qilgan. Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan faoliyati qayta tiklangan “El-yurt umidi” jamg‘armasi orzulari ro‘yobga chiqishida unga ko‘makdosh bo‘ldi.
Bilamiz, okean ortida o‘qish oson emas, yaxshigina mablag‘ talab qiladi. Kolumbiya universiteti nafaqat AQSh, balki dunyoning eng nufuzli universitetlari sirasiga kiradi, jahonning kuchli o‘n oliygohidan biri hisoblanadi. Ushbu oliygohda bir yillik to‘lov 55-60 ming dollar.
AQSh mashhur universitetlari qimmatligining sababi talabalar bilim va ko‘nikma olishidan tashqari, kuchli “netvorking” ya’ni o‘z kelajagi uchun muhim aloqalar o‘rnatib borishi bilan bog‘liq. Bunday toifadagi universitetlarda Nobel mukofoti sovrindorlari, Jahon banki, BMT, YuNESKO, Xalqaro valyuta jamg‘armasi singari yirik xalqaro tuzilmalarining doimiy ishtirokchilaridan bevosita ma’ruza tinglash, ushbu mutaxassislar loyihalarida assistentlik qilish singari noyob imkoniyatlar mavjud.
Shuhrat ushbu nufuzli ta’lim maskaniga kira olishiga ishonardi, faqat o‘qish uchun to‘lanadigan mablag‘ni topishga qurbi yetmasdi. U to‘lovning yarmidan ko‘piga teng chegirma ko‘rinishidagi grantni qo‘lga kiritdi. Baribir, qolgan miqdor ham oddiy o‘qituvchi uchun imkonsiz darajada edi. Ana shunday vaziyatda “El yurt umidi” jamg‘armasi yordamga keldi.
Jamg‘arma grantini qo‘lga kiritishda xorij universitetiga qabul qilinishdan tashqari boshqa jihatlar, masalan, nomzodning nafaqat bilimi va salohiyati, balki dunyoqarashi, vatanga sadoqati, kelajakda yurt ravnaqiga hissa qo‘shish yo‘lidagi aniq maqsadi va rejalari ham e’tiborga olinadi.
Shuhrat suhbat asnosida yaqinda davlatimiz rahbari bilan kechgan samimiy muloqot haqida ham gapirib berdi.
– Qo‘shma Shtatlarda Prezidentimiz bilan uchrashish, muloqot qilish haqida sira o‘ylamagandim, – deydi u. – Ushbu tarixiy uchrashuv kechagidek ko‘z oldimda. Orqa qatorda o‘tirganimdan, avvaliga, biroz o‘kcindim, chunki davlatimiz rahbariga yaqinroq o‘tirishni xohlagandim. Keyin esa meni hayratga solgan, Prezidentimizga bo‘lgan chuqur ehtiromim yanada oshishiga sabab bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi: Davlatimiz rahbari uchrashuvda ishtirok etayotgan yuzga yaqin stipendiat, AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik biznes vakillari, yurtdoshlarimizning hammasi bilan birma-bir ko‘rishib, ulardan hol-ahvol so‘rab chiqdi. Bu voqeadan juda ta’sirlandim. O‘zbekiston yetakchisining samimiyligidan faxrlanib ketdim.
Qahramonimiz kelgusida ikki yo‘nalish bo‘yicha loyiha amalga oshirmoqchi: Samarqand davlat chet tillari instituti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetlari bilan hamkorlikda talabalarda akademik yozma nutq ko‘nikmasini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek nogiron talabalarga chet tilini o‘rgatishning o‘ziga xos, samarali usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.
Hozircha yurtimizda shunday alohida dastur yo‘q ekan. Nogiron talabalar boshqalar singari o‘qiydi, ularga barcha qatori teng mas’uliyat belgilangan. AQShda esa bu tizim “maxsus ta’lim” deyiladi. Shu bois mazkur masala yechimi juda muhim hisoblanadi.
Suhbatdoshimizga “Umuman, jamiyatda o‘qituvchi, ustozga munosabat qanday bo‘lishi kerak, sizningcha?” degan savolni ham berdik.
– O‘qituvchiga munosabat birinchi navbatda maoshda aks etadi, – deydi Shuhrat. – AQShda o‘qituvchi maoshi shtatlar kesimida biri-biridan keskin farq qiladi. Masalan, Nyu-Yorkda o‘rtacha yiliga 92 ming, Pensilvaniyada esa 74 ming dollar. Shu ikki shtat maktablaridagi ta’lim jarayonini bevosita kuzatib, farzandlarini o‘qitayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, ana shu farqning ta’lim sifatiga yaqqol ta’sirini sezdim. Nyu-Yorkda o‘qituvchilar ancha mas’uliyatli, talabchan, Pensilvaniyada o‘qitish sifati pastroq. Umuman esa bu yerda ustozga munosabat yaxshi. Maktab o‘qituvchisi va universitet professori maoshini qiyoslab bo‘lmaydi. Juda ko‘p oliy o‘quv yurtlari xususiy, ko‘p maosh hisobiga kuchli mutaxassislarni jalb qilishga intiladi. Sog‘lom raqobat sifatli ta’lim xizmati shakllanishiga zamin yaratadi. Shuni ham aytish kerak, Qo‘shma Shtatlarda o‘qituvchilik hurmatga sazovor, obro‘li kasb. Bu maqomga erishish oson emas. Mutaxassis universitetni bitirgach, darrov o‘qituvchilikka qabul qilinmaydi. Muayyan vaqt assistent bo‘lib tajriba orttirish talab qilinadi.
Darhaqiqat, yaqinda AQShda hurmatga sazovor kasblar reytingi tuzildi. Ming nafardan ziyod respondent orasida o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, shifokor va olimdan keyin ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasini bir xil – 82 foiz ko‘rsatkich bilan o‘qituvchi va o‘t o‘chiruvchi egalladi. Qizig‘i, yurist, sportchi va televileniye yulduzlari ushbu reytingning yuqori o‘nligiga kirolmagan. Kasblar nufuzi bo‘yicha shu singari reyting yurtimizda ham o‘tkazilsa, o‘qituvchilik nechanchi o‘rinni egallashi mumkin? Necha foiz maktab bitiruvchisi hozir o‘qituvchi bo‘lishni orzu qiladi? Bu savollar ko‘pchilikni qiziqtiradi. Demak, yurtimizda ham bu borada tadqiqotlar, tegishli islohotlar o‘tkazish nihoyatda zarur.
– Xalqimiz azaldan ustoz-murabbiylarni e’zozlab, qadrlab kelgan, – deydi Shuhrat. – Ishonamanki, bu soha vakillari hech qachon hurmat-e’tibordan chetda bo‘lmaydi. Davlatimizda yil sayin ushbu mashaqqatli kasb egalari mehnati munosib e’tirof etilib, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimi doimiy e’tibordagi masalaga aylanmoqda. Men ham ushbu sharafli kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. Bizga davlatimiz, xalqimiz katta ishonch bildirgan. Prezidentimiz tashabbusi va ko‘magi bilan oddiy o‘qituvchi bo‘lsam-da, menga kuchli oliygohda o‘qish, sohaga doir eng so‘nggi bilimlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat menga, balki O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan yoshlarga qilinayotgan g‘amxo‘rlik namunasi, ertangi kunning mustahkam poydevori, deb bilaman. Bunday ishonchni yosh avlodni bilimli, zukko etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish orqali oqlayman.
Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.