Bojxona nazorati korrupsiyadan xoli tizim bo‘lishi kerak

9 dekabr – Xalkaro korrupsiyaga karshi kurash kuni munosabati bilan “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida bojxona organlarida  korrupsiyaga qarshi kurash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari, bojxona xodimlari hamda ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Dastlab viloyat bojxona boshqarmasi boshg‘lig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Muhammadiyev so‘nggi yillarda bojxona tizimini korrupsiyadan xoli mexanizmga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda bojxona xizmatlarining asosiy qismi raqamlashtirilgan bo‘lib, aksariyat xizmatlar inson omilisiz bajarilmoqda. Shuningdek, tadbir davomida xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari bilan bog‘liq kuzatilgan ayrim salbiy holatlar tahlil qilinib, ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Tizimda xizmat qilayotgan barcha xodimlarda, ayniqsa yosh kadrlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida xodimlarning yaqinlari bilan ham hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shundan so‘ng viloyat bojxona boshqarmasi xavfsizlik guruhi rahbari Ravshan Akbarov joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand xalqaro aeroportida “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– Shu yilning 5 dekabr holatiga 7023 ta aviareys amalga oshirildi, – deydi R.Akbarov. – Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 400 taga ko‘paygan bo‘lsa, 1 million 344 ming nafardan ziyod fuqaro aeroport orqali harakatlandi va bu 10 foizga oshdi.

Bojxona postida huquqbuzarliklar ham qayd etilgan. Yil boshidan buyon 790 dan ziyod holatda qiymati 13 903,8 million so‘mlik moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olindi. “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi doirasida esa 2220 nafardan ziyod yo‘lovchi “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilib, 1100 nafardan ortig‘ida xavf o‘z tasdig‘ini topdi va 2419,1 million so‘m undirildi.

Tadbir davomida tizimda faol xizmat qilib kelayotgan bir guruh soha xodimlarining yaqinlariga tashakkurnomalar topshirildi. Shuningdek, ishtirokchilar “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida yo‘lovchi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.